Prokuratura shifokorning IIB xodimi tomonidan kaltaklangani yuzasidan ma’lumot berdi
Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda «Andijonda shifokor IIB xodimi tomonidan kaltaklandi» nomli videolavha yuzasidan ma’lumot berdi.
"Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 2020 yil 11 sentyabr kuni «Andijonda shifokor IIB xodimi tomonidan kaltaklandi» sarlavhasi ostida videolavha tarqalgani guvohi bo‘lyapmiz.
Ushbu videolavhada IIB xodimi navbatsiz tekshiruvdan o‘tishni xohlagani oqibatida janjal yuzaga kelib, u tomonidan shifokor kaltaklangani aytilgan.
Aslida shifoxonada qanday holat yuz bergan?
Andijon viloyati IIB axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, 2020 yil 29 avgust kuni soat 13:30larda tuman IIB profilaktika inspektoriga Andijon tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 3-qishloq oilaviy poliklinikasida janjal bo‘lganligi haqida xabar kelib tushgan.
Holat o‘rganilganda, mazkur poliklinika umumiy amaliyot shifokori fuqaro O.Yu. shu kuni ish faoliyatini olib borayotgan vaqtida Andijon tumani Kengash mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro M.G‘. jiyani M.A.ning sog‘lig‘i yomonlashganligi uchun uni tibbiy ko‘rikka olib kelgan. So‘ngra haqiqatdan navbat talashib, fuqaro va shifokor o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik va janjal kelib chiqqan. Shifokorning tushuntirishiga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan uning hech kimga nisbatan da’vosi yo‘q, kelishmovchilik oqibatida tan jarohati olmagan.
O‘z navbatida, ikkinchi tomon M.G‘. ham ikki tomonlama janjal o‘zaro tushunmovchilik natijasida kelib chiqqanligini, shifokordan kechirim so‘rab, tartibsizlik qilganidan pushaymon ekanligini, hozirda shifokorga nisbatan e’tirozi yo‘qligini, tan jarohati olmaganligini bayon qilgan.
Tomonlar va guvohlarning ko‘rsatmalari hamda ish bo‘yicha to‘plangan materiallar huquqiy baholanib, ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Ichki ishlar organlari xodimlari mazkur kelishmovchilikda ishtirok etishmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, axborot tarqatuvchi televizion kanallar va ayrim ijtimoiy tarmoqlardan, jamoatchilikka e’lon qilinayotgan ma’lumotlarni tekshirib, xolisligiga ishonch hosil qilganidan so‘ng aholiga yetkazishlarini so‘raymiz.
Tekshirilmagan va yolg‘on axborotni, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan ma’lumotlarni tarqatish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikni keltirib chiqarishini unutmasliklarini so‘raymiz", deyiladi bayonotda.