“Pulsiz bo‘lsa Xazoraga, pullik bo‘lsa nog‘oraga”mi?

2020 yil 30 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokama qilingan edi.  Ushbu videoselektor yig‘ilishida “2021 yilning 1 yanvaridan har bir umumta’lim muassasasida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etiladi” deyildi.

2020 yilning 6 noyabr kuni Prezidentning “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Unga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab har bir umumta’lim muassasasida «Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi” lavozimi joriy etildi.

Xo‘sh, Yurtboshimizning ushbu farmonini hayotga joriy etish uchun Oqdaryo tumanida qay darajada ijodiy-madaniy muhit mavjud edi va hozir qanday?

Farmonda ta’kidlanganidek, “yosh avlodni ma’nan barkamol etib tarbiyalash, maktab o‘qituvchilari va faol o‘quvchilarining ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka yetkazishga ko‘maklashadigan, turli xildagi viktorinalar, mushoiralar, adabiy kechalar, qiziqarli darslar, kitobxonlik va she’rxonlik musobaqalarini tashkil etadigan maktab o‘qituvchilari va faol o‘quvchilarni jalb etib, gazetalar chop etishi yoki o‘quv maskanlarining elektron saytida maktab hayotidan qiziqarli maqolalar chiqarib boradigan yozuvchi, shoirlar, ijodkorlar tumanimizdagi 57 ta maktab uchun yetarlimi? Belgilangan me’yor bo‘yicha 4 ta maktabga bir ijodkor biriktiriladigan holda-chi? Ushbu farmonning to‘laqonli ijrosi mana shu masalaga, ya’ni maktablardagi ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimiga tayinlangan ijodkorlar faoliyatiga bog‘liq. Hech kimga malol kelmasinki, agar ushbu yangi ish o‘rinlari masalasida ham tanish-bilishchilik, kelishuvchilik, iltimosnomalar yoxud, tabiiyki, ishsizlarni ish bilan ta’minlash asosiy omil bo‘ladigan bo‘lsa, hukumatimiz rejalashtirayotgan Uchinchi Renessans – uyg‘onish davrining asosiy poydevori zaiflashadi.

Biz tumanimizda bir necha yillik ijodiy tajribaga ega bo‘lgan “Navnihol” ijodiy klubi a’zolari va aynan maktablardagi ijodiy – madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimiga munosib bo‘lgan nomzodlar – ijodkor o‘qituvchilar, shoir va yozuvchilar ro‘yxatini loyihasini tuzdik.

Farmonda “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar, ijodkorlarni maktablarga biriktirish va ularga shart-sharoit yaratishni shaxsan tuman va shahar hokimlarining o‘zlari nazoratga oladi” deb belgilanganligi sababli ushbu taklifimizni tuman hokimligi hamda xalq ta’limi bo‘limi rahbariga taqdim etdik. Nomzodlarning 90 foizi hozirgi kunda tumanimiz umumta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan, ijod namunalari, she’rlari, kitoblari chop etilgan, eng muhimi, “Ustoz-shogird” an’analariga sodiq bo‘lib, maktablarida o‘zlari tarbiyalayotgan yosh ijodkor shogirdlariga ega bo‘lgan, jamoatchi, tuman ijodiy muhiti hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarida faol, “Navnihol” ijodiy klubimiz bilan mustahkam ijodiy aloqada bo‘lib kelayotgan, mutaxassisligi ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lgan ijodkor o‘qituvchilardir. Umid qilamizki, ushbu taklifimiz e’tiborga olinajak.

Afsuski, hali biz tuman hokimligining xulosasini olmasimizdanoq, bizga ma’lum qilingan yuqoridan kelgan ma’lumotga ko‘ra tumanimizdan faqatgina ikki nafar ijodkor shoir bu ro‘yxatga loyiq topilibdi, xolos. Tumanimizdagi 57 ta umumta’lim maktabi 6 nafar oliy o‘quv yurti o‘qituvchisiga 8-10 ta maktab bo‘lib berilibdi. Bu nechog‘li ijobiy samara beradi?

Mahalliy ijodkorlar pul talashayotgani yo‘q, gap sifat va samara, hamkorlik haqida boryapti. Tumanlarda yashab ijod qilayotgan ijodkorlarimiz shu paytgacha pulsiz ham bu xayrli ishni, «Ustoz-shogird»lik an’anasining muqaddasligi uchun vijdonan bajarib keldilar. Ammo, endigina hukumat e’tiborga tushib, “Loaqal shogirdlarimni tadbirlarga, tanlov va tahririyatlarga olib borishga yo‘l pulim bo‘larkan”, deb suyunib turgan shoir, yozuvchilarimizning ko‘ngillari nechuk bo‘ladi? Maktablarimiz OTM o‘qituvchilari hamda tumanlardagi faol ijodkor shoir, yozuvchilarga teng va adolatli taqsimlansa nur ustiga nur bo‘lardiku!?

Bizningcha, ushbu ro‘yxat shoshilinchda, tuman, viloyat ijodkorlari vakillari bilan kelishilmasdan tayyorlangan. Aynan “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” tadbirlarining dislokatsiyasi asos qilinib, bir-ikkita sanoqli ijodkorlar ro‘yxatga kiritilgan, xolos. Viloyat hokimligining mutasaddi xodimlari hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi bu ro‘yxat loyihasini qayta ko‘rib chiqishi lozim, deb hisoblaymiz va bu haqda tumanimiz miqyosida o‘z takliflarimizni kiritdik.

Oygul Mamatova,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Oqdaryo ovozi” gazetasi huzuridagi “Navnihol” ijodiy klubining rahbari.