Putin o‘t ochishni 3 kunga to‘xtatmoqchi, uning qanday shartlarda muzokaralar stoliga o‘tirishini Lavrov aytdi. Germaniya birinchi vazirini e’lon qildi. Hafiz Asad jasadi o‘g‘irlab ketildi

🔹 Putin G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qildi. Sulh 7-8 may kunlari yarim tundan 10-11 may yarim tungacha davom etadi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Putin qanday shartlarda muzokaralar stoliga o‘tirishini Braziliyaning "O Globo" gazetasiga intervyusida ma’lum qildi. Kiyev NATOga a’zo bo‘lish niyatidan voz kechishi va neytral maqomda qolishi, "Neonatsistik rejim" Ukrainada barcha rus unsurlarini — til, ommaviy axborot vositalari, madaniyat, an’analar va kanonik pravoslavlikni yo‘q qilishni to‘xtatishi, Qrim, Sevastopol, shuningdek, DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlari rasman Rossiya hududi sifatida tan olinishi shular jumlasidan.

🔹 Germaniya yangi hukumatning birinchi vazirlarini e’lon qildi. Tashqi ishlar vaziri 62 yoshli Yoxan Vadeful Ukrainaning ashaddiy tarafdori sifatida tanilgan va Kiyevdan Rossiya hududiga G‘arb qurollari bilan zarba berishga ruxsat berilishini talab qilgan. 6 may kuni Bundestag yangi kanslerni saylaydi, u katta ehtimol bilan Fridrix Merts bo‘ladi.

🔹 AQShning Yaman shimoli-g‘arbidagi afrikalik migrantlar saqlanayotgan markazga uyushtirgan aviahujumi oqibatida 30 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 100 dan ziyod kishi jarohatlangan. Avval AQSh harbiylari Sana shahri hamda Sa’da, Al-Mahvit va Al-Hudayda viloyatlariga zarbalar bergani ma’lum qilingan edi.

🔹 Rim papasi Fransisk vafot etishidan avvalroq voyaga yetmaganlar qamoqxonasida faoliyat olib borayotgan makaron fabrikasiga 200 ming yevro shaxsiy jamg‘armasi (deyarli barcha mablag‘i)ni hadya qilgan.

🔹 Saudiya Arabistoni va Qatar moliya vazirliklari Suriyaning Jahon banki oldidagi 15 million dollarlik qarzini qoplashga rozilik berdi. Bu qaror xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan Suriya iqtisodiyotining tiklanishiga yordam berish imkonini yaratadi.

🔹 O‘tgan 24 soat ichida Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlari oqibatida 50 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 115 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

🔹 Anqaradagi diplomatik manbalar Turkiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi uchrashuvga mezbonlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Manbaga ko‘ra, tomonlar rozilik bersa, uchrashuv Turkiya hududida o‘tishi mumkin.

🔹 AQShning yetakchi universitetlari Tramp ma’muriyatining siyosatini tanqid qilib, unga qarshi birgalikda kurashish tashabbusini ko‘tardi.

🔹 Kanadada muddatidan avval parlament saylovlari o‘tkaziladi. Saylovda g‘olib bo‘lgan partiya yetakchisi mamlakatning 25-bosh vaziri etib tayinlanadi.

🔹G‘arbiy Yevropada keng ko‘lamli elektr uzilishi ro‘y berdi. Ispaniya va Portugaliyada elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Madrid metrosida yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan, ko‘chalar tirband, shahar svetoforlari ishlamayapti. Barselona, Valensiyada ham odamlar elektr ta’minotidagi uzilishlardan aziyat chekmoqda.

🔹 Hindiston tomonidan qilingan har qanday provokatsiya javobsiz qolmaydi — Pokiston xalqi o‘z armiyasi bilan yelkama-yelka turibdi va zarurat tug‘ilsa, birgalikda kurashishga tayyor. Bu haqda Pokiston temir yo‘l vaziri Xanif Abbasi Hindiston bilan bog‘liq so‘nggi voqealarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Vazirning ta’kidlashicha, Pokistonning mudofaa tizimlari to‘liq shay holatda. «Agar Hindiston bizning suv ta’minotimizni to‘ssa, biz ularning havoga chiqish yo‘lini to‘samiz», dedi u.

🔹 Suriyaning Latakiya shahrida sobiq prezident Hafiz Asadning qabri noma’lum shaxslar tomonidan buzib, uning jasadi olib ketilgani xabar qilindi. Eslatib o‘tamiz, Hafiz Asad 1971 yildan 2000 yilgacha Suriya prezidenti bo‘lgan.

G.Xoldorova tayyorladi.