Putin va Bayden sammit o‘tkazish taklifini qabul qildi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya yetakchisi Vladimir Putin va AQSh prezidenti Jo Bayden o‘rtasida sammit o‘tkazish taklifi bilan chiqdi, ikkala tomon ham taklifni qabul qildi, deb xabar bermoqda Yelisey saroyi.
"U (Makron) prezidentlar Bayden va Putin o‘rtasida, shuningdek Yevropada xavfsizlik va strategik barqarorlik bo‘yicha barcha manfaatdor tomonlar bilan sammit o‘tkazishni taklif qildi. Prezidentlar Bayden va Putin bunday sammit g‘oyasini prinsipial jihatdan qabul qildilar", deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, “Rossiya Ukrainaga bostirib kirmasa”gina sammit o‘tishi mumkin. “Prezident Bayden, agar bosqin amalga oshirilmasa, prezident Putin bilan yana uchrashishga prinsip jihatdan rozi bo‘ldi”, deya Amerika yetakchisining niyati haqidagi xabarini tasdiqladi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.
Sammit kun tartibi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tomonidan 24 fevraldagi uchrashuvida tayyorlanadi, deya qo‘shimcha qildi Yelisey saroyi.
Mudofaa vaziri Sergey Shoygu 14 fevral kuni Putin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “mashqlarning bir qismi nihoyasiga yetayotgani, ayrimlari yaqin orada yakunlanishi” haqida ma’lumot berdi. Ertasi kuni Mudofaa vazirligi Janubiy va G‘arbiy harbiy okruglar o‘z qo‘shinlarini dislokatsiya joylariga qaytara boshlaganini ma’lum qildi.
Rossiyada Ukraina atrofidagi vaziyatni keskinlashtirishga qaratilgan rejalari haqidagi gaplarni qat’iyan rad etib, hech qanday tahdid yo‘qligini doimiy ravishda aytib kelmoqda. Bu kabi bayonotlarning barchasi esa Rossiya chegaralari yaqinida ko‘proq NATO harbiy texnikasini joylashtirish uchun bahona sifatida foydalanilayotgani aytilmoqda.