"Endi ichiga kiraman, o‘zim shug‘ullanaman". Bu iqrormi yoki yig‘ilishdan yig‘ilishgacha aytiladigan yolg‘on va’dami?

Bir kishi farzandini koyib, tanbeh berayotganda qo‘shnisi “O‘g‘lingiz mo‘min-qobil bola-ku, nega buncha urishasiz?” debdi.
– Bu bola faqat aytganimni qiladi, shuning uchun urishyapman, – javob beribdi ota.
– Aytganingizni qilsa yaxshiku, ishidan ko‘nglingiz to‘lmayaptimi, – hayron bo‘libdi qo‘shni.
– Ishidan ko‘nglim to‘q, kamchiligi yo‘q. Lekin qachongacha aytganimni qiladi? Aytmaganlarim-chi? O‘zi bilib ishini qilsa, e’tirozim yo‘q. Shunisiga kuyinaman, - deb aytgan ekan.
Kecha hokimlik soatida muhim masalalar muhokamasi chog‘ida viloyati hokimining tuman va shaharlar hokimlari, mutasaddi rahbarlar bilan muloqotiga guvoh bo‘lib, shu holat yodimga tushdi.
Viloyatda turizmni yanada rivojlantirish, mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish masalasi muhokama qilinganda, viloyat rahbari sanitariya-gigiyena shoxobchalari holatiga alohida e’tibor qaratdi. Shaharda va viloyatning boshqa hududlarida ham sayyohlik ob’yektlari atrofida, bozorlarda va katta yo‘l yoqasidagi bunday shoxobchalar talabga javob bermasligi, mas’ullar bunga umuman e’tibor bermayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sanitariya-gigiyena nuqtalari tashkil etish talabi majburiy bo‘lsa-da, buni tadbirkorlar ham, shu sohani nazorat qiladigan mas’ullar ham unutib qo‘ygani tanqid qilindi. Buning uchun mutasaddilardan, hududlar rahbarlaridan izoh so‘raldi. Javob esa kutilganidek – “joyiga qo‘yamiz”, “e’tiborsizlik qilibman”, “o‘zim borib o‘rganaman”.
Esimda, o‘tgan yil ham xuddi shu masala hokimlik soatida muhokama qilinib, yo‘l bo‘yidagi yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi va maxsus tashkil etilgan sanitariya-gigiyena nuqtalari holati o‘rganilgan holda videolavha namoyish etilgandi. Ayrim mutasaddilarga chora ko‘rilgandi. Shundan so‘ng bunday maskanlar tartibga kelib, izga tushgandi.
Oradan bir yil o‘tib yana shu masala og‘riqli nuqta sifatida viloyat rahbari darajasida muhokama etilgani mutasaddilar ham faqat aytilsa, topshiriq berilsa, bajarishga o‘rganib qolganidan dalolat beradi.
Nima, yo‘l bo‘yida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yekti tashkil etib, bundan manfaat ko‘rayotgan tadbirkor bitta sanitariya-gigiyena shoxobchasini toza-ozoda saqlab turolmaydimi? Bu unga majburiyat sifatida belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-chi? Tegishli nazorat idoralari mas’ullari, hududlar rahbarlari-chi? Ular shu yo‘ldan o‘tmaydimi yoki bunday shoxobchalarga kirmaydimi? Kiradi, ko‘radi, lekin o‘sha tadbirkorga, ob’yekt egasiga yomon ko‘rinishni istamaydi yoki o‘zining manfaatiga zid qilishni xohlamaydi. Boshqa qanday xulosaga kelish mumkin?
Ha, darvoqe, muhokamalar chog‘ida yillar davomida hal etilmagan ayrim masalalar yuzasidan izoh so‘ralganda rahbarlar “ikki oyda bajaramiz”, “keyingi chorakda yakuniga yetadi”, “o‘zim ichiga kiraman” deb javobni berdi. O‘ylanib qolasan kishi, bir necha yilda bajarilmagan yumush, vazifani qanday qilib qisqa vaqtda uddalash mumkin? Balki ba’zi loyihalarni bajarish mumkindir. Lekin yig‘ilishdan yig‘ilishgacha aytiladigan gaplar bilan o‘zini va boshqalarni aldashdan naf nima? Lavozimda uzoq qolishmi?
G‘olib HASANOV.