Qachongacha o‘zimizni aldaymiz?

Maktabda ishlaydigan tanish bir o‘qituvchi qo‘ng‘iroq qilib, “Telegramingizga ona tili va adabiyot fanidan imtihon savollarini tashladim, javoblarni topishda yordam bering”, dedi. To‘g‘risi, darslikda biror narsaga tushunmagan bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Qarasam, “mobil metodik guruhi ona tili va adabiyot fani yo‘nalishi uchun nazorat savollari” varianti ekan.
Joriy yilda oliy ta’lim muassasalari hamkorligida umumta’lim maktablari mutaxassis va toifasi past o‘qituvchilarning bilim ko‘nikmasini oshirish hamda yangicha o‘qitish uslublarini tushuntirish bo‘yicha “mobil metodik guruhlar” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu asosda mobil guruhga jalb qilingan professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘quv kurslarida maktab o‘qituvchilariga fanlar bo‘yicha tasdiqlangan reja va soatga muvofiq mashg‘ulotlar o‘tilmoqda va kursni tugatgan o‘qituvchilardan imtihon olinyapti.
Endi suhbatga qaytsak.
- Kechirasiz, imtihonda bo‘lsangiz, qanday qilib telefondan foydalanyapsiz? – so‘radim o‘qituvchidan.
- E, uka, shu ham muammomi, “rayono”dagilarning hammasi o‘zimizdan, “gaplashdik”.
- Tanishingiz bormi?
- “Soqqa” bo‘lsa, tanish ko‘p, savollarning javobini bilasizmi?
Ochig‘i, o‘qituvchi bilan gaplashgim ham kelmadi va savollar qiyinligini bahona qilib, telefonni o‘chirdim.
Keyingi paytda o‘qituvchilar malakasini oshirish, attestatsiya va malaka toifasini olish haqida gap ketsa, mas’ullar jarayon shaffof o‘tyapti, deb bong uradi. Pedagoglar esa mutlaqo buning aksini gapiradi.
Tahririyatimizga amaliyotga kelgan talaba ham shunga o‘xshagan holatni aytib qoldi. Talabaning aytishicha, bir o‘qituvchi undan o‘rniga imtihonga kirib, toifa uchun test yechib berishini so‘ragan va buning uchun yaxshigina pul ham taklif qilgan.
Bundan ko‘rinadiki, ayrim o‘qituvchilar haligacha pul berib, o‘rniga kimnidir kiritib yoki boshqa yo‘llar bilan imtihondan o‘tyapti. Tizimdagi rahbarlar esa buni tan olgisi kelmaydi. Axir qachongacha o‘zimizni aldaymiz? Bu qing‘irliklarni o‘qituvchilarning o‘zidan eshitish yanayam achinarli. Ular bu savodi bilan o‘quvchilarga qanday o‘rnak bo‘ladi, nimani o‘rgatadi-yu, o‘quvchilar ulardan nimani o‘rganadi?
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.