Qadrdon do‘st, qavmu qarindosh

30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni

Qo‘shrabot tumani markaziga borib, “Shura opani taniysizmi?”, deb so‘rasangiz, hech kim “Yo‘q, tanimayman!”, demaydi. Asl ismi-sharifi Axmedova Aleksandra Ivanovna bo‘lgan rus ayoli oilasi bilan tumanga 1975 yilda ko‘chib kelgan.

Tumanning Mustaqillik mahallasidagi G‘alaba ko‘chasi bir paytlar xalq tilida “O‘ris qishloq” deb atalardi. Sababi bundan 30 yillar ilgari shu kichik bir guzarda 10 dan ziyod millat vakillari istiqomat qilgan. Ularning aksariyati rus millatiga mansub bo‘lgan. Hozir bu yerda boshqa millatga mansub birgina Shura opaning oilasi qolgan. Ahamiyatlisi, uning farzandlarini o‘zbeklardan farqlash juda qiyin. Sababi, uyida rus tilida gaplashsa-da, ko‘chaga chiqqach o‘zbekcha, hatto shu tuman shevasida so‘zlashadi. O‘zbek oilalari bilan quda-anda bo‘lib, qo‘ni-qo‘shnilar bilan ahil-inoq hayot kechiradi.

- Shunday yurtda yashayotganimdan xursandman, - deydi Shura opa. – Qo‘ni-qo‘shnilar, quda-andalar – qadrdon qarindoshlarim. To‘y-ma’rakalarda yolg‘izlatib qo‘ymagan bunday do‘stlarning borligidan faxrlanaman.

Viloyatimizda 30 dan ortiq millat va elat vakillaridan iborat yarim milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ularning yashashi, mehnat qilishi, milliy urf-odatlari bo‘yicha to‘y va marosimlar o‘tkazishi,  farzandlarining o‘qishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Shu yil Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan Samarqand shahridagi “Do‘stlik uyi”da 11 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

- Keyingi yillarda yurtimizda, xususan, viloyatimizda boshqa millat vakillari uchun katta imkoniyatlar yaratildi, - deydi tojik va tojikzabon milliy madaniy markazi rahbari Akbar Mahmudov. – Birgina Jartepa chegara postining ochilishi, azaldan qavmu qarindosh, quda-anda bo‘lgan tojik va o‘zbek xalqi o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamladi. 10 yillab bir-birini ko‘rmagan yaqin qarindoshlarni diydorlashtirdi. O‘zbekiston hududida tojik tilida ta’lim beriladigan maktab, 36 ta maktabda sinflar mavjudligi ham quvonarli. Bu maktablarni tugatgan bitiruvchilar esa o‘qishini oliy ta’lim muassasalarida davom ettirish uchun ham imkoniyatlar yaratilgan. Samarqand davlat universitetida 11 ta fakultetda tojik guruhlari tashkil etilgan.

Shuningdek, viloyatda faoliyat olib borayotgan maktablarning 91 tasida o‘zbek va rus tillarida, 9 tasida esa rus va tojik tillarida ta’lim beriladi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV.