Qadriyatdan tashvishga aylanayotgan marosim

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlari tomonidan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror va Nizomning tasdiqlanishi mamlakatimiz aholisini quvontirdi. Chunki ushbu qo‘shma qaror ijroga kiritilishi bilan turmushimizda, madaniy hayotimizda katta o‘zgarishlar bo‘lishi, bu borada hal etilmay kelinayotgan jiddiy muammo va kamchiliklar bartaraf etilishi, xalqimiz farovonligining sezilarli tarzda oshishi, to‘y bahonasida bo‘layotgan isrofgarchiliklarga barham berilishi, to‘ychilar o‘rtasida “men sendan kam emasman” tarzidagi zararli chiranishlar bo‘lmasligi tabiiy.
Aslida necha ming yillardan buyon shakllanib, rivojlanib, xalqimizning yuksak ma’naviyati, betakror madaniyatidan darak beradigan, dostonlarda kuylanib kelingan to‘ylarimiz va ular bilan bog‘liq milliy urf-odatlarimiz xalqimizning ezgu qadriyatlari darajasiga ko‘tarilgan. To‘y-hashamlar, ma’raka-marosimlar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tadbirlar orqali shuhratparastlik, o‘zini, boyligini ko‘z-ko‘z qilish, atrofidagilarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini inobatga olmaslik, eng dahshatlisi, to‘y va tadbir davomida isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, milliy urf-odatlarimiz va an’analarimizni ochiqdan-ochiq mensimaslik kabi illatlarning paydo bo‘la boshlaganiga juda ham ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. O‘tgan asrning oltmishinchi yillarigacha to‘y-hashamlar o‘tkazish tugul odamlar qanday og‘ir ahvolda yashaganligini, ocharchilik, qahatchilik tufayli qancha-qancha odamning yostig‘i quriganini, bir burda nonga zor bo‘lgan kunlarni unutdik.
Tinchlik va omonlik bo‘lgan uzoq va yaqin o‘tmishda ham to‘ychilar o‘z imkoniyatlari va sharoitidan kelib chiqib el oldiga dasturxon yozgan. O‘sha zamonlarda ham boy-badavlat, o‘ziga to‘q odamlar ko‘pkarili, kurashli, dorbozli va qiziqchi-artistli, baxshilar bahsiyu san’atkorlar musobaqalarini tashkil etib, dang‘illama to‘ylar qilgan, yetti iqlimdan mehmonlarni chorlash barobarida, mahalla-ko‘ydagi yetim-yesir, beva-bechora, kambag‘al-nochor, keksalarni ham taklif etish, siylashni, mehmon qilishni unutmagan. Qo‘l uchida kun ko‘radigan yoki o‘rtahol odamlar esa yaqinlari va mahalla ahli bilan o‘tkaziladigan odmi, kamchiqim, ortiqcha dahmazalarsiz to‘y qilib, farzandlari, nevara-chevaralarini elga qo‘shgan.
Biroq keyingi vaqtlarda odamlar o‘rtasida kimo‘zarga to‘y qilish orqali dabdababozlik, manmanlik, soxta obro‘ orttirishga intilish, to‘qlikka sho‘xlik tarzida o‘ylab topilayotgan, milliy qadriyatlarimizga mutlaqo zid turfa, yangicha urf-odatlarning avj olishi ko‘pchilikni tashvishu xavotirga solib qo‘ydi. Bunday to‘ylarda xalqimizning azaliy ma’naviyati, madaniyati emas, balki ayrim kalondimog‘ kimsalarga xos maqtanchoqlik, xo‘jako‘rsinlik, kibru havo namoyish etila boshladi. Bu xatti-harakatlar natijasida jamiyatda “men sendan kammi” tarzidagi taqlidchilik illati kelib chiqdi.
To‘g‘ri, biz uchun nihoyatda qadrli bo‘lgan ming yillik qadriyatlarimiz, an’analarimiz ichida to‘y-hashamlar, ma’raka-marosimlar alohida o‘rin tutadi. Ming afsuski, ba’zan yaxshi niyatlar bilan boshlagan to‘y yoki oilaviy marosimni o‘zingiz xohlagandek o‘tkaza olmaysiz.
Bugungi kunda to‘yni avvalgi paytlardagidek hovlida yoki ko‘chaning bir qismini yopib qo‘yib o‘tkazishning iloji yo‘q. Hozir o‘tkaziladigan to‘ylarning inon-ixtiyori osmono‘par, qasrsifat bazmgohlar egasiyu to‘ydan to‘yga yuradigan “san’atkorlar”ga bog‘liq. Ular bilan kelisha olsangiz marra sizniki.
Aytaylik, keyingi oyning o‘rtalarida to‘y qilmoqchisiz. Hamma narsa tayyor. Rejangiz va imkoniyatingizga ko‘ra, kamroq mehmon taklif qilmoqchisiz, ammo bazmgoh egasi “mehmonlar kamida 400 (agar 600 yoki 700 demasa) nafar bo‘lishi kerak, bo‘lmasa boshqa bazmgohga boring” deydi. Buning ustiga yana har bir mehmonga 150-200 ming so‘mlik dasturxon qilinishi, taomnomada esa turli taomlar, quruq mevalar, qand-qurs, shirinliklaru pishiriqlar, baliq taomlari va ichimliklar bo‘lishi shart, agar shunday qilmasak, bazmgohimiz obro‘yiga to‘g‘ri kelmaydi, deb turib ham oladi.
Siz istagan san’atkorlarga esa qo‘lingiz yetmaydi, ularga yaqinlashishning ham imkoni yo‘q. Bazmgoh egasi san’atkorlarning ham ilojini topadi. Ammo narxlar osmonda, na iloj, bazmgoh egasining aytganiga ko‘nasiz. Bulardan tashqari, bazmgohning falon pulga xizmat qiladigan videotasvirchilari, suratkashlari, boshlovchisi ham bo‘ladiki, ular ham to‘ychilar hisobidan faoliyat yuritadi.
Ana sizga xarajatu mana sizga bazmi jamshid. To‘yga kelgan mehmon taomlardan nari borsa, o‘ttiz-qirq ming so‘mlik iste’mol qilishi mumkin. Bunday to‘ylarning turgan-bitgani isrofgarchilikdan boshqa narsa emas.
To‘yga taklif etish ham to‘y madaniyatining bir bo‘lagi hisoblanadi. Yaqin vaqtlargacha to‘yga og‘zaki tarzda taklif etilar edi. Odamlarning ish, turmush tashvishlari, turli yumushlar bilan chalg‘ib, to‘yni unutib qo‘ymasliklarini ta’minlash maqsadida taklifnoma tarqatish odat tusiga kirdi. Ammo bugungi kunga kelib taklifnomalar ham to‘ychilarning qanday mavqe va imkoniyatga ega ekanini ko‘rsatuvchi vositaga aylandi. Taklifnomalarning bugungi narxi 3 ming so‘mdan 60 ming so‘mgacha ekanini boshiga tushmaganlarning hammasi ham bilmasa kerak?!
Atrofdagilar bilan hisoblashmaydigan ayrim kattazang odamlar o‘zlarining kimliklarini ko‘rsatib qo‘yish maqsadida dabdabali to‘y, marosimlarga hisobsiz mablag‘ sarflamoqda. Ularga ko‘r-ko‘rona, elchilik deb ergashayotgan kamxarj insonlar esa to‘y va ma’rakalar tufayli qarzga botmoqda, qarzini vaqtida uzolmagani oqibatida oilalar barbod bo‘layapti, qarindosh-urug‘lar begonalashib, o‘ylamay to‘y qilgan odamlar sog‘lig‘idan ayrilmoqda. Qaniydi, bunday dabdabalar yangi qurilayotgan oilalarning mustahkamligiga, bardavomligiga kafolat bo‘lsa, afsuski, aksincha, to‘ydan bir oy ham o‘tmay quda-andalarning san-manga borishi-yu, yosh kelin-kuyovlarning ajrashishlariga asosiy sabab bo‘lmoqda.
Farzandlari baxti uchun hamma narsaga tayyor o‘zbek xalqidek bolajon millat dunyoda ko‘p bo‘lmasa kerak. Bolalari tug‘ilgan kundan boshlab butun kuchini, topgan-tutganini to‘ylar qilishga, uylar qurishga sarflaydi, o‘zining rohat-farog‘ati, hatto salomatligini ham hech qachon o‘ylamaydi, o‘ylashga vaqti ham yo‘q. O‘ylagani eldan qolmaslik.
Ammo keyingi paytlarda to‘ylar quyushqondan chiqib ketdi. Ayniqsa, nikoh to‘ylarida soatiga falon so‘m to‘lab yollanadigan bir xil rang va markalardagi o‘nlab qimmatbaho mashinalar karvonining ko‘chalardagi tartibsiz harakati, to‘y bilan bog‘liq turli-tuman keraksiz xarajatlar, harakatlar, to‘y dasturxoniga tortilib, hatto qo‘l ham urilmay uvol bo‘layotgan noz-ne’matlar, kelin-kuyovga olinadigan kiyim-kechaklardan tashqari, qarindosh-urug‘, quda-andalarga sovg‘a qilinishi shart bo‘lgan va narx-navosini aytishga ham til bormaydigan sarpo-suruqlar, to‘yma-to‘y ko‘tarib yuriladigan ko‘rpa-to‘shaklar, narxi "osmon"dagi chet el mebellari, kvartirayu mashinalarning kalitlarini sovg‘a qilish, asal oyini o‘tkazish uchun xorijiy sanatoriyayu chet el sayohatiga yo‘llanmalar tortiq qilish...
Karnay-surnay sadolari ostida bazmgohga kirib kelgan kelin-kuyov ustidan anvoyi gullar o‘rniga dasta-dasta pul sochish, ular oyog‘i ostiga puldan poyondoz to‘shash, ammayu xolalar, amaki-tog‘alar, xeshu taborlarni davraga chiqarib, chakkalariga katta-katta, siqim-siqim pul qistirish, kelin yoki kuyov taraf bo‘lgan sochi yelkasidayu soqoli haftada bir qirtishlanmagan yosh-yalanglarning mast-alast holda beo‘xshov harakatlar bilan raqsga tushib, davrani hech kimga bermay chir aylanishlari nafaqat to‘ychining, hatto to‘yxo‘rlarning ham ko‘nglini aynitib, jonini halqumiga keltiradi. To‘ylarda iqtisodimiz tayanchi, xalqimiz iftixori bo‘lgan milliy valyutamizga nisbatan qilinayotgan salbiy munosabat, nopisandlik, ko‘rnamaklik va uni ochiqchasiga tahqirlash jiddiy qoralanishi, bunga ishtiyoqmand kimsalarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi kerak. Ayniqsa, milliy an’analarimizga, hatto to‘ylarimizga suqilib kirib kelayotgan “ommaviy madaniyat”ga xos guldasta uloqtirish, kelin dugonalarini bir xil kiyintirib ko‘z-ko‘z qilish, odobsiz shoular, sharqona axloq-odobga zid bo‘lgan “muhabbat tarixi” (“Love story”) kabi xunuk odatlarga ergashishni bas qilish kerak. Hammasidan ham o‘tib tushadigani to‘y oqshomida, mehmonlar oldida kelinning kuyov bilan yoki o‘z otasi bilan “vals”ga tushishi hech bir aqlga ham, hech qaysi odob-axloq qoidasiga ham sig‘maydi.
O‘zbekona milliy raqslar, kuylar, qo‘shiqlar, rang-barang payrovli askiya va qiziqchiliklar, xalq dostonlarini kuylash to‘ylarimizning asrlar davomidagi chiroyi va betakror bezagigina bo‘lib qolmasdan, to‘y ishtirokchilariga shodlik, quvnoqlik, xursandchilik, yaxshi kayfiyat ulashgan, qatnashchilar ongu shuuriga o‘zbekona qadimiy milliy qadriyatlarni singdirib kelgan. Hozirgi to‘ylarimizda esa katta-katta ovoz kuchaytirgichlar yordamida restoranni ag‘dar-to‘ntar qilarli darajadagi baland pardalarda ijro etilayotgan boshqa tillardagi tushunarsiz qo‘shiqlar to‘yga kelganingga ming pushaymon qildiradi. “San’atkor"lardan radio apparaturalaridan tarqalayotgan shovqin-suronni bir oz pasaytirishlarini so‘rasangiz, buning iloji yo‘qligini aytishadi. Muhoraba maydonidagi kabi dahshatli shovqin-suron (buni musiqa yoki qo‘shiq deb bo‘lmaydi!) qon bosimingizni oshirib, tanangiz sovuq terga botadi, yuragingizga sanchiq kiritib, uni changallashga majbur qiladi. To‘yga kelib dam olmaysiz, azob-uqubat tortasiz, bir iloj qilib qarindoshlik qarzingizni uzasizu tezgina xayr-ma’zurni nasiya qilasiz.
To‘ychilarimiz tong sahardan – soat oltidan karnay-surnay, doirayu chirmandalar chaldirib, mehmonlarni nahor oshiga chorlashi yoki kech soat 23:00 dan so‘ng ham kuchaytirilgan dambur-dumbur sadoli yoqimsiz musiqalarni bas qilmasliklari bazmgohlar atrofida yashaydigan odamlar, bemorlar, keksalar, bolalarning tinchi buzilishiga, sog‘liqlarining yomonlashuviga sabab bo‘lmoqda.
Agar to‘ylarimizda qaysi tildaligi ham noma’lum, tushunarsiz, almoyi-jalmoyi qo‘shig‘u ularga monand raqslar emas, o‘zbekona milliy, sho‘x, quvnoq, raqsbop qo‘shiqlarga keng o‘rin berilsa, to‘yga kelgan mehmonlar maza qilib tinglab, tomosha qilsa, dam olsa, teng-to‘shlari, tanish-bilishlari bilan suhbatlashsa, dardlashsa, qarindosh-urug‘lar bilan diydorlashsa, qanday yaxshi. Asli to‘y qilishdan maqsad ham shu emasmi?!
To‘qlikka sho‘xlik qiluvchi “ixtirochi”lar tomonidan o‘ylab topilib, nikoh to‘ylarida ko‘r-ko‘rona joriy etilayotgan, milliy qadriyatlarimizga mutlaqo zid, turmushimizga mos kelmaydigan yangicha urf-odatlar avj olib borayotgani ham bor gap. Farg‘ona vodiysida nikoh to‘yidan so‘ng qiz uzatgan xonadonning kuyov tomonga 40 kun turli taomlar tashishi, andijonliklarning esa mana shunday keraksiz “mazar” udumiga rioya qilishlari, Xorazmda “qiz yig‘in”, “xina yoqar” kabi ortiqcha marosimlardan ko‘pchilik ota-onalar aziyat chekmoqda. Milliy an’analarimizga yot bo‘lgan, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan to‘ydan oldingi, to‘y vaqtida va to‘ydan keyingi qo‘shimcha – “tanishuv”, “ro‘molcha berdi”, “oq o‘rar”, “sep yoydi”, “quda tanish”, “non sindirdi”, “fotiha”, “to‘y yubordi”, “sovg‘a berish”, “ota ko‘rdi”, “ota keldi”, “qiz oshi”, “holva keldi”, “qatlama yubordi”, “somsa eltish”, “tog‘ora yuborish”, “yuz ochar”, “charlar”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “kuyov navkari”, “kelin navkari”, “kelin salom”, “kuyov salom”, “tort kesish”, “pul qistirish”, “pul sochish” kabi keraksiz udumlar va odatlarga mutlaqo barham berish kerak.
Dasturxonga tortiladigan taomlar, pishiriqlar, shirinliklar, yaxnayu salatlarda ham me’yor bo‘lishi, har qanday isrofgarchilikka chek qo‘yilishi, to‘ychiga o‘z imkoniyatidan kelib chiqib dasturxon bezatish, taomnomani tanlash imkoniyati berilishi kerak.
Xullas, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining qabul qilgan qo‘shma qarori mamlakatimizda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlanadigan tadbirlar o‘tkazish borasida yo‘l qo‘yib kelingan kamchiliklar va nuqsonlarga, mavjud muammolarga barham beradi, deb ishonamiz.
Mardon BOLTAYeV,
Samarqand davlat universiteti dotsenti.