Qayerdansiz? Mahalliychilikdan uyalmay qo‘ydikmi?

Mahalliychilik aslida hamma joyda bor. Ammo qayerdadir bunga illat sifatida qaralsa, yana qayerdadir buning qator ko‘rinishlariga allaqachon o‘rganib bo‘lgandekmiz.

Ishingiz tushib, kimningdir oldida biror iltimos bilan borib, bafurja suhbat boshlasangiz, sizga «qayerdansiz?» deb savol beriladi. Tasavvur qiling, sizning qayerdan ekaningiz mutlaqo ahamiyatsiz, hech narsani hal qilmaydi, ammo baribir shu savol beriladi. Hatto ba’zan kulgili holatlarga duch kelamiz. Aytaylik, qaysidir korxonaga ma’lum soha bo‘yicha mutaxassis xodim kerak. O‘zlari e’lon ham bergan. Shu e’lon bo‘yicha bordingiz va albatta, sizga shu savol beriladi. Keyin bizda o‘sha hududdan xodim ko‘p, ololmaymiz deyishadi.

Biror kattaroq tashkilotga yangi rahbar tayinlangani haqda aytsangiz ham “Qayerdan ekan?” degan savol eshitasiz. OAVni kuzatsangiz, har qanday tayinlovga oid xabarda nomzodning qayerdan ekani albatta yozib qo‘yiladi. Afsuski, yozilmasa, o‘qilmaydi! Shaxsning qayerdan ekani shu darajada qiziq biz uchun.

Darvoqe, aksariyat holatlarda «qayerdansiz»ning davomiga ham duch kelasiz: «kimlardansiz?». Nazarimda bu ham ko‘p beriladigan savollardan.

Ba’zan mahalliychilikning o‘ta og‘ir ko‘rinishlariga ham duch kelamiz. Afsuski, bunga ham ko‘pchilik ko‘nikkan. Aytaylik, biror o‘ta obod ko‘chani ko‘rib qolganda, suhbatdoshning gapi quloqqa chalinadi: “biror kattakonning ko‘chasidirda”. Qaysidir darajada rahbarlikka erishgan odamning odamlar hayotini yengil qilishni o‘z qishlog‘i yo ko‘chasidan boshlashi, albatta, uyatli. Ammo shunday holatlar borki, biz “qaysidir kattakonning ko‘chasidirda”, degan gapni eshitib qolamiz va buni tabiiy qabul qilamiz.

Ahvol shu darajadaki, o‘zi mas’ul bo‘lgan butun sektorga birday qaragan rahbarning mahalladoshlaridan u haqda so‘rasangiz, “qishloqqa baloyam qilmagan rahbar bo‘lib” degan gap eshitasiz.

“Vazir o‘zi o‘qigan maktabga falon turdagi jihozlar yetkazib berdi” yoki shunga o‘xshagan xabarlarni hatto OAVda ham o‘qiganmiz. Aslida qaysidir amaldorning o‘z maktabi yo tug‘ilgan mahallasiga nimadir qilishi OAVda aytiladigan gap emas. O‘sha jihozlarga ega bo‘lmagan boshqa maktab jamoasi buni qanday qabul qiladi? Ammo biz shunga ko‘nikkanmiz. Tabiiy qabul qila boshladik. Holbuki, bu ham qaysidir tomondan mahalliychilikning bir ko‘rinishi.

Yana bir holat borki, mahalliychilik, aniqrog‘I, regionalizmning oliy namunasi deyish mumkin: “falon tumandan (falon shahardan) yomon odam chiqmaydi” yoki aksincha, “bu joydan (qayernidir nazarda tutib) yaxshi odam chiqmagan”. Yaxshi yo yomon odamlar borasida butun bir hududga nisbatan hukm chiqarish oldindan bo‘lganmi yo endi paydo bo‘ldimi, bilmadimu, bu kabi illatlar asta-sekin qutblanish, odamlar o‘rtasida bo‘linishga olib kelishi mumkin.

Mahalliychilikdan qutulish esa aholining har tomonlama jipslashishida muhim omillardan biri bo‘ladi.

Mahalliychilikning biz o‘rgangan qirralari asta-sekin biz o‘rganmagan yangi oqibatlarni ham yuzaga keltira boshladi. Bilasiz, so‘nggi vaqtlarda Toshkentda atmosfera havosi ifloslanishi ortib ketgach, turli bayonotlar berila boshlandi. Bular ichida «viloyatliklar»ning, «viloyatliklar»ga tegishli mashinalarning Toshkentga kirishini cheklash kabi fikrlar ham mahalliychilik qay darajaga kelib qolganini ko‘rsatdi. Va eng yomoni, bu bayonotlar televideniyeda aytildi. 

Albatta, bunday takliflar jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Chunki birinchidan, poytaxt — hamma boradigan joy. Ikkinchidan, hech qaysi muammo aholini bo‘lish, qutblashtirish, regionalizm bilan hal qilinmaydi. Buning oqibati o‘sha muammolardan ham qimmatga tushadi. Aksincha, har qanday muammoga qarshi aholini, qarashlarni birlashtirish lozim aslida.

Anvar MUSTAFOQULOV.