Urush qahramoni bobomdan 2 mingga yaqin kitob - katta ma’naviy meros qolgan

Bobom Haqberdi Karimov haqida o‘ylaganimda yaqinlaridan yordamini ayamagan, ularga ko‘proq nafim tegsin, deb yashagan kamtarin inson ko‘z oldimda namoyon bo‘ladi. U kishi bilan hamsuhbat bo‘lgan odam hayot mazmunini teran his etar, o‘zida ezgu niyatlarga rag‘bat sezardi.

Xuddi kechagidek yodimda, O‘zbekiston milliy universitetiga o‘qishga kirganimni eshitib, “Mening qizim el-yurtga xizmat qiladigan, uning koriga yaraydigan inson bo‘ladi”, deb yosh boladek quvongandi. Oradan qariyb 20 yil o‘tib odamiylikni ulug‘lab yashagan bobomni xotirlab, sog‘inch bilan qo‘limga qalam olishga ahd qildim.

Hali-hanuz Narpayga biror-bir ish bilan borib qolsam, “Siz Haqberdi Karimovning nevarasi bo‘lasizmi? U kishi ko‘p yaxshiliklar qilgan”, degan tavsiflarni eshitib, ko‘nglim ko‘tariladi, g‘ururlanaman. Odamlarning bu e’tirofi u kishining hayoti besamar o‘tmaganligidan nishona.

Bobom 1923 yilda Narpay tumanining Boyg‘ozon qishlog‘ida, oddiy mehnatkash oilasida tug‘ilib voyaga yetdi. Ushbu tumanda tavallud topgan jamoat arboblari Bektosh Rahimov, Suyun To‘xliyev kabi tengdoshlari bilan Mirbozor qo‘rg‘onidagi 17-o‘rta maktabni bitirdi. Maktabdagi tahsilini tugatish arafasida Ikkinchi jahon urushi boshlandi va tengdoshlari qatori urushga otlandi.

Mazkur mash’um urushning mudhish tasvirini bobomning hikoyalaridan anglaganman. Navqiron yigitlarning balog‘at damlarini o‘g‘irlagan, yosh kelinchaklarning erta beva qolishi, norasida go‘daklarning yetim bo‘lib, bo‘zlab qolishlari, ayniqsa analarning ilhaq, yo‘l poylashi, otalarning bekitiqcha, pinhona to‘kkan ko‘z yoshlarini tasavvur qilganman...

Har gal g‘alaba bayrami – Xotira va qadrlash kuni kelganida urush davomida olgan orden medallari yiliga bir marta bobomning ko‘ksini bezardi. Biz, nabiralar qiziquvchanlik bilan u kishining ko‘ksidagi orden medallariga qo‘l tekkizib, “buni qanday olgansiz, aytib bering”, deb qistardik. Bobom xo‘rsinib qo‘yardi va iltimosimizni yerda qoldirgisi kelmas, urushning ayanchli yillari haqida so‘zlab berardi:

- Urushga 18 yoshga to‘lganimda ketganman. Dastlab Shimoliy Kavkaz, keyinchalik Belarussiya frontlari qo‘shini tarkibida fashist bosqinchilariga qarshi kurashdim. Har bir kunimiz o‘q yomg‘irlari ostida o‘tgan. Bir jangda rotamiz o‘ta muhim bo‘lgan ob’yektni egallashi lozim edi. Dushman ham bo‘sh kelmasdi. Bizning rota botqoqlik tomonga chekinishga majbur bo‘ldi. Jang bir oy davom etdi va shu bir oy davomida belimizgacha suvga botgan holda jang qilishga to‘g‘ri kelgan. Hattoki, paytavalarni yechib quritishga imkon bo‘lmagan. Do‘stim Nikolay bilan yarim tunda dushman qo‘nim topgan nuqtani yakson qilishga ahd qildik. Yarim tungacha rota komandiri bilan bu ishning rejasini tuzib chiqdik va tongga yaqin dushman DZOTi (derevozemlyanaya ognevaya tochka) tomon emaklab bordik. Har birimizning qo‘limizda bir “shoda”dan granata. Belgilangan nuqtaga yetgach, ularni uloqtirdik. Kuchli portlash natijasida dushman DZOTi yo‘q qilindi. Ko‘zimni ochganimda harbiy gospitalda edim. Portlash vaqti tuproq uyumi meni bosib qolgan, uyum tuproq ostidan faqat etigim ko‘rinib qolgan, quroldosh do‘stlarim chiqarib olishgan va harbiy gospitalga olib borgan.

Ushbu jangdan keyin meni “Za osvobojdeniye Kavkaza” medali bilan taqdirlashdi. Bu birgina voqea. Urushning har bir kuni shu kabi voqealar girdobida kechgan. Ko‘z oldingda eng yaqin quroldosh do‘stlaringdan ayrilishni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Urushning nomi o‘chsin, bolalarim. Shu tinchlik kunlarning qadriga yetib, shukronalik bilan yashash baxtiga nima yetsin!..

Bu hikoyalarni aytish bobomga naqadar og‘ir ekanligini o‘sha paytlarda sezmagan ekanmiz. Ulg‘ayib, oq-qorani taniganimiz sayin buni teran anglab yetyapman.

G‘alabani bobom Polshada kutib olgan. Urush tugagach, yana 4 yil ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) ixtiyoridagi qo‘shinda Ruminiya, G‘arbiy Ukrainada davlat dushmanlariga qarshi kurashdi. Leytenant unvoniga sazovor bo‘ldi. Urushning qonli yo‘llarida ko‘p mashaqqatlar chekdi. Bir marta “kontuziya”, ikki bor og‘ir yarador bo‘ldi. Gospitaldan davolanib chiqib, yana jangga kirdi. Uning jasorati bir necha orden, medallar va yana bir qator jangovar nishonlar bilan taqdirlandi.

1949 yil urushdan qaytgach, biroz vaqt tuman yoshlar tashkilotiga rahbarlik qildi. Keyin Toshkent shahriga, oliy partiya maktabiga o‘qishga yuborildi. O‘qishni tugatgach, tuman partiya qo‘mitasida mas’ul lavozimlarda ishladi va 1971 yilda tuman xalq nazorati qo‘mitasi boshlig‘i etib tayinlandi. Ushbu lavozimda halol va qat’iyat bilan ish olib bordi. Xalq mulkining talon-toroj qilinishi, isrof etilishi, o‘g‘irlikka qarshi ayovsiz kurashdi. Xalqning ishonchini qozondi. Davlat, xalq mulkiga xiyonat qilganlarga nisbatan murosasiz bo‘ldi.

Bobom haqida gap ketganda u kishini bilganlar, birga ishlaganlar “Shunday lavozimlarda uzoq yillar ishlagan bo‘lsa ham Haqberdi aka bir umr oddiy yashadi. Na uy, na mashina oldi, na boshqa bir manfaat ko‘rdi...” deyishardi. Aslida u kishining elda obro‘-e’tibor qozongani boisi ham ana shu kamtarligi, sabr-qanoatliligi, halolligida edi.

- Ey, bolalarim, men haromning ketidan quvganimda katta mol-dunyo egasi bo‘lishim mumkin edi. Lekin vijdonim oldida, odamlar oldida nima degan odam bo‘lardim, - derdi bobom rahmatli.

Bobom Jang‘il buvim bilan qo‘sha qarib, 9 nafar farzandni voyaga yetkazdi, ularni ma’rifatli, ma’naviyatli qilib tarbiyaladi. Ushbu juftlikning dunyoga kelib orttirgan boyligi shu farzandlari, elda topgan obro‘si bo‘ldi. Farzandlari ham ota-onasiga munosib tarzda yashab mehnat qilishdi. Ularning ortidan borayotgan 28 nabira bugun xalqning xizmatiga kamarbasta. Ibratli umr deganlari shu bo‘lsa kerak-da.

Bobom o‘zi ma’rifatli bo‘lgani uchundir, ilmli insonlarni hurmat qilardi. Bugun u kishidan ikki mingga yaqin turli mavzudagi siyosiy, badiiy kitoblar bizga meros bo‘lib qolgan. Har gapirganida o‘qigan kitoblaridan iqtiboslar keltirar va so‘zlarida o‘ziga xos hikmat mujassam edi. Hatto, 80 yoshdan oshganlarida ham maktab davrlarida yod olgan Muqimiyning “Sayohatnoma”sini yoddan aytib berardi. Ammo loqaydlikni, beparvolikni yoqtirmasdi, dunyoda bo‘layotgan siyosiy jarayonlardan xabardor bo‘lish maqsadida har yili turli nomdagi gazetalarga obuna bo‘lardi.

Yuksak ma’naviyat tushunchasini bobomdan o‘rganganman.

Dildora KARIMOVA,

Navoiy kon-metallurgiya kombinati markaziy kon boshqarmasi axborot xizmati muharriri.