Qalay, to‘y zo‘r bo‘ldimi?

- Ha, qalaysiz, oshna? Eson-omon chiqdingizmi? - To‘yxonadan qulog‘i shang‘illab chiqqan Soli bobo boshini changallagan Doli oqsoqolga piching qildi, - miriqib gurung qildingizmi?

- Voy, voy, boshim, o‘rindiqqa biroz o‘tirib, o‘zimga kelib olay, - dedi Doli bobo unga javoban aftini burishtirib. – Namuncha karnaylarini vang‘illatib qo‘yishadi-a, mehmonlar kar emas-ku.
To‘y milliy qadriyatlarimizdan. Turi ham ko‘payib boryapti: aqiqa, xatna, nikoh, payg‘ambar yoshi, tug‘ilgan kun, yubiley, askar to‘y, diplom to‘y... Birortasi o‘yin-kulgu, kuy-qo‘shiqsiz o‘tmaydi. Bu xalqimiz turmush farovonligi, to‘qchilik, yashash madaniyati yuksalayotganidan dalolat. To‘ylardan maqsad faqat el oldiga dasturxon yozib, ziyofat berish emas, to‘y bahona do‘st-birodarlar, qavm-qarindosh, ahli mahalla bir piyola choy ustida diydorlashib, miriqib suhbatlashishdir. Biroq keyingi paytlarda to‘ylarda elektron ovoz kuchaytirgichlar shovqin-suroni asabga tegmoqda.

... Bir ukamiz nevaralarining to‘yiga taklif qildi. Avvalo, hurmati, qolaversa, anchadan buyon ko‘rishmagan do‘stu qadrdonlar bilan diydorlashish imkonidan xursand bo‘ldik. Bordik. Ammo xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. To‘yxonada ovoz kuchaytirgichlarning shovqiniga dosh berish qiyin edi. Gumburlagan tovushdan to‘yxona shifti ko‘chay derdi. Taklif qilingan joyga joylashgach, duoga qo‘l ochib, imo-ishora bilan to‘ychini qutlagan bo‘ldik. Na gapingizni eshitadi birov, na siz birovning gapini eshitasiz. Boshingizga bir mashina shag‘al to‘kilgandek gusurlagan shovqindan quloq pardangiz yirtilay deydi.

Aslida san’atkorlar (kechirasiz, otarchilar ) to‘yni buzishi emas, unga fayz kiritishi, mehmonlarga mazmunli tarbiyaviy ahamiyatga ega kuy- qo‘shiqlar bilan xushkayfiyat bag‘ishlashi kerak emasmi? Yana bir gap! To‘y-marosimlarga madaniy xizmat ko‘rsatadigan otarchilar (san’atkor deyishga til bormaydi)ni kim nazorat qiladi? Soliq idoralarimi, madaniyat muassasalarimi, huquq-tartibot organlarimi?

Tog‘aymurod Shomurodov.