Qalin tuman sababli to‘rtta "Neksiya" yuk avtomashinasiga urildi
Bugun, 18 yanvar kuni soat 11:00 larda Farg‘ona viloyati, Bog‘dod tumanida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.
IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, Farg‘ona halqa avtomobil yo‘lida qalin tuman tushishi oqibatida ko‘rish darajasi pasayganligi sababli 1997 yilda tug‘ilgan Yu.N. shu manzilda yashovchi otasiga tegishli «Kamaz-5511» rusumli avtomobilini katta yo‘lda burib olayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanib kelayotgan 4 ta «Neksiya» rusumli transport vositalari Yu.N. boshqaruvidagi yuk avtomobiliga kelib urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
Oqibatda «Neksiya» avtomobillarining uch nafar yo‘lovchisi va bir nafar haydovchisi tan jarohati olib kasalxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, yana bir yo‘lovchi olgan tan jarohati oqibatida kasalxonada vafot etgan.
YHXBB yo‘l harakati ishtirokchilaridan yo‘llarda harakatlanganda yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni, respublikamiz hududida ob-havo sharoitining keskin o‘zgarishi, ayrim hududlarda qor yog‘ishi va avtomobil yo‘llarida muzlamalar hosil bo‘lishi, qalin tuman tushishi sababli avtomobil yo‘llarida harakat qatnashchilari uchun bir qator noqulayliklar keltirib chiqarishini inobatga olib, yo‘llarda xushyorlik bilan harakat qilishlarini so‘ragan.