Qarindosh-urug‘chilikdan voz kecha olamizmi?

Yaqinda bir sinfdosh do‘stim bilan uchrashib qoldim.
- Maktabga vakant o‘ringa direktordan ish so‘rab bordim, - dedi u. – Direktor ochiqchasiga “Bu joyga jiyanimni ishga olaman”, dedi. Jiyani 15 yildan beri o‘qituvchi bo‘lsa-da, mutaxassis malakasiga ega. Men birinchi toifali o‘qituvchiman.
Do‘stim ushbu nohaqlik haqida yuqori tashkilotga arz qilib boribdi. Ularning aytishicha, maktab direktori kimni ishga olishni o‘zi hal etar ekan. Yuqori tashkilotdagilar maktab direktorining faoliyatiga aralashmas emish. Xullas, direktor baribir qarindosh-urug‘chilik qilib, vakant joyga malaka toifasi yo‘q jiyanini ishga olibdi.
To‘g‘risi, bizda ba’zi davlat tashkilotlarida qarindosh-urug‘chilik chuqur ildiz otib ketgan. Bir tanishim uzoq yillardan buyon qurilish sohasini nazorat qiluvchi davlat tashkilotida faoliyat yuritib kelar edi.
– Tashkilotga yangi boshliq tayinlangach, ishlab turgan mutaxassislarni turli bahonalar bilan ishdan bo‘shatib, ularning o‘rniga qishloqdoshlari va qarindoshlarini ishga ola boshladi, - dedi u. - Shunday qilib, men ham ishdan bo‘shatildim. Ikki o‘g‘lim to‘lov-kontrakt asosida institutda o‘qiydi. Katta qizimni turmushga berishim kerak. Hozir ishga tiklanaman deb sudma-sud yugurib yuribman. Ko‘p asa-biylashganimdan sog‘lig‘im yomonlashib, qon bosimim ko‘tarilib ketyapti.
Tarixdan ma’lumki, rivojlangan davlatlarning barchasi millatchilik, irqchilik va urug‘-aymoqchilik kabi illatlardan xalos bo‘lgach, iqtisodi baquvvat mamlakatga aylangan.
Biz ham bu illatlarga qarshi kurashmas ekanmiz, Amerika, Yevropaga havas qilib yashayveramiz. Illatlar esa uzoq yillar bizni o‘z botqog‘ida muqim ushlab turaveradi.
Darvoqe, yaqinda qabul qilingan “Davlat fuqaro¬lik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasida qarindoshlarning bir davlat tashkilotida bir-biriga bo‘ysunib ishlashi ta’qiqlandi. Qonun kuchga kirsa, ko‘plab tashkilotlarda qarindosh-urug‘chilikka barham berilarmikan?..
Ne’mat ASQAROV.