Qarzdor otalarning har biri 15 sutkadan qamaldi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudining sud hujjatiga asosan qarzdor M.V. tomonidan sobiq turmush o‘rtog‘i D.H.ning foydasiga ikki nafar farzandining voyaga yetguniga qadar moddiy ta’minoti uchun aliment pulini to‘lab borishi belgilangan va shu asosda Majburiy ijro byurosining Oqdaryo tumani bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan.
Lekin ko‘rilgan choralar va profilaktik tadbirlarga qaramasdan, M.V. voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta’minlashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan va bugungi kunga kelib, uning umumiy qarzdorligi 19 million 390 ming so‘mni tashkil etgan.
Shu sababli Byuroning tuman bo‘limi tomonidan unga nisbatan tegishli hujjatlar to‘planib, tegishli chora ko‘rish uchun tuman ma’muriy sudiga taqdim qilingan. Oqdaryo tumani ma’muriy sudining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47(4)-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining sud hujjatiga asosan qarzdor J.N. tomonidan sobiq turmush o‘rtog‘i S.X.ning foydasiga bir nafar farzandining voyaga yetguniga qadar moddiy ta’minoti uchun aliment pulini to‘lab borishi belgilangan.
Lekin fuqaro J.N. o‘zining otalik burchiga mas’uliyatsizlik bilan qarab, farzandining aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan va uning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi 14 million 770 ming so‘mni tashkil qilgan.
Profilaktik choralar kor qilmagach, Byuroning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan unga nisbatan tegishli hujjatlar to‘planib, tegishli chora ko‘rish uchun shahar ma’muriy sudiga taqdim qilingan va Kattaqo‘rg‘on shahar ma’muriy sudining qarori bilan J.N.ga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47(4)-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.