Qatag‘on qurbonlari: Abdusattorov qanday jinoyat qilgan edi?
1937 yildan butun sovet ittifoqi bo‘ylab ko‘tarilgan “katta qirg‘in”ning qora ko‘lankasi 1938 yilda Payariqqa ham yetib keldi. Kechagina odamlar o‘rtasida yaxshigina hurmat qozongan rayon va xo‘jaliklar rahbarlarining deyarli barchasi birin-ketin “xalq dushmani”ga aylanib, hibsga olina boshlandi.
Bular Payariq rayon partiya qo‘mitasini 1937 yildan buyon boshqarayotgan Bobonazar Fayziyev, raykomning ikkinchi kotibi Grigoriy Osipov, rayon ijroiya qo‘mitasining raisi Abdug‘ani Toshtemirov, rayon partiya qo‘mitasining mafkuraviy ishlar bo‘yicha kotibi Boli Nurmatov, rayon yer bo‘limining boshlig‘i Toshpo‘lat Ahmedov, xalq maorifi bo‘limi mudiri Mirsaid Hamidov, moliya bo‘limi mudiri Sindor Ashurov, rayondagi Stalin nomli kolxoz raisi Davir Islomov, “Sanoat” qishloq kengashi raisi Nurmon Tongotarov va boshqalar. Rayon prokurori vazifasini bajaruvchi Muhammadquli Abdusattorov ham shular qatorida edi. Ularning barchasi rayonda aksilinqilobiy-millatchilik guruhi tuzganlikda va a’zoligi bo‘yicha ayblangandilar.
NKVDning Payariq rayon bo‘limi boshlig‘i, davlat xavfsizligi leytenanti Valiyev imzolagan ayblov xulosasidan: “Abdusattorov Muhammadquli 1901 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek, SSSR fuqarosi. Xizmatchi, hibsga olinish paytida Payariq rayoni prokurori vazifasini vaqtincha bajaruvchi. O‘zbekiston kompartiyasi safidan chiqarilgan. Ma’lumotli. Ilgari sudlanmagan. U 1937 yildan buyon O‘zbekistondagi aksilinqilobiy-millatchilik tashkiloti a’zosi. Prokuratura organlarida zararkunandalik ishlarini olib borgan. Jinoyatchilar va quloqlarni o‘z himoyasiga olgan va qishloq xo‘jaligi sohasida ham buzg‘unchilik ishlari bilan shug‘ullanib, aholi o‘rtasida sovetlarga qarshi targ‘ibot qilgan. O‘zSSR Jinoyat kodeksining 58- va 67-moddalari bilan javobgarlikka tortiladi”.
Rayon prokurori, ya’ni Payariqda qonunchilik himoyasida turgan, unga muntazam rioya etilishini ta’minlovchi shaxsning o‘zi qanday qilib “aksilinqilobiy-millatchilar guruhi”ga a’zolikda ayblandi? Bu vazifada bir yil ham ishlamay nega uning ustidan ustma-ust shikoyatlar yoziladi, tekshiruvlardan boshi chiqmay qoladi?
Keling, uning tarjimai holiga nazar tashlaylik.
Voyaga yetgach, 1918-1923 yillarda turli joylarda g‘isht teruvchi usta bo‘lib ishlagan. 1924-1925 yillarda savdo korxonalarida, 1925 yilda Samarqand shahridagi rayon partiya komitetlaridan birida siyosiy maorif uyi mudiri, 1926 yilda Samarqand shahar partiya komitetida, 1927 yilda Samarqanddagi ipakchilik fabrikasida partiya tashkilotchisi, 1929-1930 yillarda ipakchilik fabrikasida ishchi, 1930-1932 yillarda Chiroqchi rayon partiya komiteti xodimi, 1932-1935 yillarda Payariq tumani pillachilik idorasi direktori o‘rinbosari, 1935-1937 yillarda Payariq tumanida pillachilik vakili, 1937 yilda tuman teatr va klublar direktori hamda Payariq tumani prokurori yordamchisi vazifalarida xizmat qildi. Bu orada uylanib, ikki farzandli bo‘ldi.
“O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti sovet savdo bo‘limi boshlig‘i o‘rtoq Karimjonovga.
Nusxasi Respublika prokurori, o‘rtoq Sheyndlenga.
Toshkent shahri
- O‘zb KP(b) Payariq rayon partiya komiteti byurosining 1937 yil 29 oktyabrdagi 21-son qarori bilan Abdusattorov Mamatqul o‘rindoshlik asosida Payariq tumani prokurorining yordamchisi lavozimiga tavsiya etilgan...
- O‘rtoq Abdusattorov tuman prokurorligiga tavsiya etilgach, uni tuman teatr-kino va klublar ishi bo‘yicha 2000 so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirganlikda ayblab, xat kelib tushgan.
Abdusattorovga nisbatan kelib tushgan bu materiallar tekshirilganda o‘z tasdig‘ini topmadi.
O‘rtoq Abdusattorov Mamatqulni Payariq tumani prokurori etib tayinlash tug‘risidagi 29/X-37 yilgi 21-bayonnomada keltirilgan qarorimizni tasdiqlashingizni so‘rayman
O‘z. KP(b) Payariq rayon komitetining
kotibi Fayziyev”
“Buyruq
O‘zbekiston SSR prokuraturasi
Toshkent 29/XI-37-y.
- O‘zb. KP(b) Payariq rayon komiteti tomonidan tavsiya etilgan o‘rtoq Abdusattorov ushbu tuman prokurori etib TAYINLANSIN.
O‘zbekiston SSR prokurori Sheyndlen”.
Shunisi qiziqki, M.Abdusattorov rayon prokurori vazifasini bajarishga kirishganiga bir oy o‘tar-o‘tmas uning ustidan respublika rahbar organlariga shikoyatlar yog‘ila boshladi. Endi uning rayondagi “O‘zbek truppasi” kino va klublarga rahbarligi davrida ilgari yozganlaridek 2000 so‘m emas, balki 3930 so‘m o‘zlashtirganligi, 1937 yil 12 dekabrda O‘zbekiston SSR Oliy Sovetiga saylovlar kuni “Bilim” kolxozida vakil bo‘la turib, kolxozchilar o‘rtasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganligi aytilgan edi. Shuningdek, militsiya organlari tomonidan chorva molini o‘g‘irlashda gumon qilinib, hibsga olingan quloq Qarshiyevga nisbatan ochilgan jinoiy ishni to‘xtatganligi ham ta’kidlangandi. Shulardan kelib chiqib, respublika prokurori Sheyndlen hali bu ayblovlar tekshirilmasdan, uni ishdan chetlashtirish haqida 1938 yil 5 yanvarda buyruq chiqaradi.
Keyin o‘tkazilgan surishtiruvlarda uning ustidan yozilgan xatda keltirilgan ayblovlar tasdig‘ini topmaydi. Shundan so‘ng Respublika prokurori yangi buyruq chiqarishga majbur bo‘ladi.
“O‘zb.SSR Prokuraturasi bo‘yicha 387-sonli
BUYRUQ
25 mart 1938 yil
Mening 1938 yil 5 yanvardagi farmoyishim bekor qilinganligi sababli Abdusattorov Payariq rayoni prokurori vazifasini bajaruvchi etib, shu yilning 15 martidan qayta tiklansin
O‘zbekiston SSR prokurori Sheyndlen”.
Lekin rayon prokurori vazifasida oz muddat ishlagan M.Abdusattorovning boshida yana qora quyunlar aylana boshladi. Endi uni “fosh etish”ga NKVDning rayon bo‘limi boshlig‘i Valiyev va viloyat prokurori Nazarenko kirishadi. Abdusattorov birinchi marta aprel oyining oxirida NKVDda so‘roq qilinadi. Ammo bu so‘roq hech qanday natijani bermaydi. Shundan keyin ular prokurorning ustidan 1937 yil dekabr oyida yozilgan shikoyatlarni qaytadan ko‘tarishadi.
Viloyat prokurori Nazarenkoning Respublika prokurori Kuxarenkoga 1938 yil may oyi oxirlarida yozgan maktubidan parcha:
“Vazifasidan chetlatilgan Payariq rayon prokurori Abdusattorov ishi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish uchun viloyat prokuraturasining katta tergovchisi, o‘rtoq Husainov xizmat safariga yuborildi. Tekshiruv davomida shu narsa aniqlandiki, Abdusattorovning partiyadan chiqarilishi va ishdan bo‘shatilishi mutlaqo to‘g‘ri bo‘lgan.
Tergov jarayonida Abdusattorov hibsga olinguniga qadar Ikromov va Xo‘jayevlarning burjua-millatchilik to‘dasida bo‘lganligini... Raykom kotiblari Fayziyev, Osipovning aksilinqilobiy topshiriqlarini bajarganligini... Sobiq quloqlar, bosmachilar va boshqa ijtimoiy yot unsurlardan qurolli qo‘zg‘olon ko‘tarish uchun kadrlar tayyorlaganligini tan olgan.
...Abdusattorov muntazam ravishda quloqlar va jinoyatchilar bilan birgalikda spirtli ichimliklar iste’mol qilgan. Prokuraturani obro‘sizlantirib, aksilinqilobiy targ‘ibot qilishdan boshqa hech narsa bilan shug‘ullanmagan...
...U Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-qismi, 67 va 140-moddaning 1-qismi qo‘llanilib, jinoiy javobgarlikka tortilgan. Sobiq rayon kotibi Fayziyev va boshqalarning ishi bilan birlashtirish uchun unga oid materiallar Payariq rayon NKVDsiga topshirilgan Abdusattorov ana shu aksilinqilobiy guruh faoliyatida ishtirok etgan”.
Oradan ko‘p o‘tmay O‘zSSR prokurori vazifasini bajaruvchi Gunyatskiyning buyrug‘i chiqadi.
“O‘zbekiston SSR prokuraturasi bo‘yicha
561-Buyruq
1938 yil 5 iyun.
...Payariq tumani prokurori vazifasini bajaruvchi Abdusattorov Muhammadquli prokuratura organlarida ishini davom ettirishining iloji yo‘qligini inobatga olib, lavozimidan ozod etilsin...”.
Muzaffar MUQIMOV,
SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori.