Qatar kompaniyasi Samarqand va Qoraqalpog‘istonda elektr stansiyalar barpo etishga qiziqish bildirmoqda
Mazkur masala O‘zbekiston energetika vazirining o‘rinbosari Umid Mamadaminov va «Al Mirqab Capital» kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida onlayn muloqotda tilga olingan.
Muzokaralar davomida Qatar tomoniga O‘zbekistonda elektr
energiyasini ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi manbalardan keng foydalanish va mazkur sohada loyihalarni amalga oshirish uchun yaratib berilgan keng imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etilgan.
Uchrashuv doirasida Samarqand viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida Qatar kompaniyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb qilgan holda elektr stansiyalarni barpo etish masalalari batafsil muhokama qilingan.
Muloqot yakunida «Al Mirqab Capital» kompaniyasiga taklif etilgan loyihalarni amalga oshirish ishlarini boshlash hamda tegishli kelishuvlarni imzolash maqsadida Qatar vakillarining O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirishga kelishib olingan.
1993 yilda tashkil etilgan «Al Mirqab Capital» kompaniyasi AQSh, Yevropa va Yaqin Sharqdagi 20 ta yirik mehmonxona majmualariga egalik qiladi. Xitoyning «Power China» kompaniyasi bilan hamkorlikda Pokistonda quvvati 1,3 GVtga teng bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini qurgan, deya xabar bermoqda «Dunyo» AA.