Qatldan oldin o‘lgan eronlik ayol baribir osildi

Eronlik o‘limga hukm qilingan Zahra Izmaili maxsus taxtasupa (eshafot) oldida yiqilib vafot etdi. Ammo u baribir hukmga ko‘ra, dorga osildi, deya xabar bermoqda Daily Mail.

Ikki farzandli ona eri - Eron razvedkasining yuqori martabali zobiti Alireza Zamanni o‘ldirganlikda ayblanib, unga o‘lim jazosi tayinlangan edi. Zahra advokatining ta’kidlashicha, eri unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan, haqorat qilgan. Qotillik sodir bo‘lgan kuni ayol o‘zi va qizini himoya qilishga uringan. 

Qatl etilishidan oldin ayol 16 nafar mahkumning osib o‘ldirilishiga guvoh bo‘lgan. Zahra bunga chiday olmagan va yurak xurujidan vafot etgan.

Biroq qatl jazosi o‘ldirilgan kishi oilasiga hurmat yuzasidan ijro etildi. Zahraning qaynonasi, o‘sha paytda allaqachon o‘lgan kelinining oyoqlari ostidan ustunni shaxsan o‘zi urib tushirgan.