Qaynotamning sovg‘asi kerak emas

Inson yillar davomida yiqqan pulini bitta to‘yga sarflaydi. Uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘riladi, ammo dabdabali to‘y ikki soatda o‘tadi-ketadi. To‘ydan keyingi tashvishchi?
Mebelni hovliga chiqarib tashladi
- Qishloqdan tuman markaziga kelin bo‘lib tushdim, - deb xo‘rsinib gapirib qoldi yaqinda turmushga chiqqan dugonam. - Ota-onam qurbi yetganicha mebel olib berdi. Qaynonam u jihozni uyiga qo‘ymadi, oddiy olibsan, deb hovliga chiqarib tashladi. Hozir hovlida chang bosib turibdi. Ota-onam shu mebelni ham qiynalib sotib olishgandi. To‘ydan oldin shahar bozoridan parda olib, qaynonam aytgan tikuvchiga qarzga tiktirgandik. Qarzni qarindoshimizdan olgandim, ota-onamdan pardaning narxini yashirganman. Hozir har oyligimdan qarzimni to‘layapman. Turmush o‘rtog‘im, qaynonam bilib qolmasin, deb yurak hovuchlab yashayman. Qaynonam har safar ota-onangning orzu-havasi yo‘q ekan, tuzuk mebel qilishmadi, deb yuzimga soladi.
Boshim qarzdan chiqmay qoldi
-O‘g‘lim o‘ziga to‘q oilaning qiziga uylandi, - deydi to‘y nomli orzu-havasdan kuygan yana bir onaxon. - To‘yga biz mo‘ljal qilgandan ham ko‘ra ko‘p pul ketdi. Xo‘jayinim to‘rt yil chet elda ishlab kelgan puli urvoq ham bo‘lmadi. Foizga va tanishlardan qarz olishga majbur bo‘ldik. Qaniydi, shunga yarasha farzandim baxtli bo‘lganda. To‘ydan so‘ng bir yil o‘tib ajrashib ketishdi. Qarzni 5 yilda to‘lab qutuldik.
“O‘g‘lim “o‘jar chiqdi”
- Yaqinda o‘g‘limni uylantirdim, - deydi onalardan biri. - Kelin uchun 3 xona ajratdim, yashirib nima qildim, to‘ldirib jihoz olib keladi deb o‘ylagandim. To‘satdan o‘g‘lim hech narsa kerak emas, qaynotam olib bergan narsani ishlatmayman, dedi. Qudalarga chiroyli qilib tushuntirdik. Kelinim faqat bitta uyga parda olib keldi, shunga ham o‘g‘lim qovoq uydi. To‘yni kamxarj, chiroyli qilib o‘tkazdik. Qo‘ni-qo‘shni, hamkasblarga o‘g‘limning qilig‘ini aytganimda, hayron qolishdi. Ayrimlari kelinlari olib kelgan jihozni maqtashdi. Kelinimni tug‘ilgan kuniga qudalarim televizor sovg‘a qilishdi. O‘g‘lim ishlatgani ruxsat bermadi, olib qo‘ydi. Kelinim o‘g‘limni qilig‘idan xafa bo‘lmadimikan deb sekin ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rdim.
– Dugonalarim kelin bo‘lib tushgan uyini zamonaviy chet el jihozlari bilan to‘ldirishdi, xozirgacha ota-onasi kelin bo‘lib tushgan uyiga narsa tashishadi. Lekin qaynonasi doim gap topadi. Ro‘zg‘ori tinch emas. Ular ota-onamiz qarz-qavola qilib bo‘lsa-da, qaynonam aytgan narsani olib boradi, deyishadi. Uylaridagi muzlatkich buzilib qolsa ham ota-onangga ayt, tuzatib kelsin deb aytarkan, – dedi kelinim.
Shundan so‘ng o‘g‘limning xatti-harakatlari to‘g‘ri ekan, dedim.
Munisa ShAMSIYeVA.