Qayta moliyalash stavkasi oshdi: Mijozlarning kredit foizi qanday hisoblanadi?

Shu kabi savollar bilan Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini moliyalashtirish bo‘yicha tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish bo‘limi bosh iqtisodchisi Behro‘z XUDOYoROVga murojaat qildik.

- Qayta moliyalash stavkasining oshirilishi keyingi vaqtda yuzaga kelgan tashqi iqtisodiy vaziyat inobatga olingan holda qabul qilinib, inflyasion kutilmalarning oshishi, ma’muriy tartibga solinadigan narxlarning o‘sishi va valyuta almashuv kursi o‘zgarishining ichki narxlarga ta’siri kuchayayotgan sharoitlarda inflyasion bosimni pasaytirishga yo‘naltirilgan.

Yillik inflyasiya sur’atlarining sekinlashib borishiga qaramasdan, inflyasion xatarlarning kuchayishi hisobiga kelgusida ushbu dinamikaning o‘sish tomonga o‘zgarishi ehtimoli keskin oshdi. Pul-kredit siyosatining qat’iylashtirilishi mazkur xatarlar hamda inflyasion kutilmalarning pasayishiga xizmat qiladi.

- Demak, qayta moliyalash stavkasining oshirilishi milliy valyuta - so‘mning inflyasiyasi va inflyasion kutilmalar bilan bog‘liq, shundaymi?

- Qayta moliyalash stavkasi foizlari mamlakat iqtisodiyotining umumiy ahvoli va mamlakatdagi inflyasiya darajasidan kelib chiqib belgilanadi. Mamlakatda inflyasiya darajasi oshib borsa, Markaziy bank ham qayta moliyalash stavkasini oshirib boradi. Agar inflyasiya darajasi pasaysa, qayta moliyalash foizi ham pasa­yib boradi. Dunyoda, hatto, manfiy qayta moliyalash stavkasiga ega mamlakatlar ham bor. Masalan, Yaponiyada hozirgi kunda qayta moliyalash stavkasi manfiy 0,10 foizdan iborat.

Bizda esa yillik inflyasiya darajasi 2018 yilning avgust oyida ham dastlabki prognoz ko‘rsatkichlari doirasida pasayishda davom etib, 15,7 foizni tashkil etdi. Mazkur dinamika meva-sabzavotlar narxlarining mavsumiy arzonlashishi hamda 2017 yildagi pul massasi oshishi va milliy valyuta devalvatsiyasining inflyasiya darajasiga ta’sirining kamayib borishi bilan izohlanadi.

 - Bu o‘zgarish bilan kredit rasmiylashtirgan va foiz hisoblanayotgan mijozlarga nisbatan qarz miqdori qanday hisoblanadi? Umuman, qayta moliyalash stavkasining oshirilishi kredit berish tartiblari va turlariga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

- Qayta moliyalash stavkasi bo‘yicha kredit olgan shaxslar bank bilan tuzilgan kredit shartnomasiga ko‘z yugurtirishlari lozim. Shartnomaning "Kredit shartlari" bo‘limida kredit bo‘yicha foiz stavkasi ko‘rsatilgan bo‘ladi. Agar foiz stavkasi shartnomada aniq 14 foiz qilib belgilangan bo‘lsa, unda qayta moliyalash stavkasi 16 foizga oshsa ham belgilangan miqdorda (14 foiz) to‘layveradi. Agar shartnomada foiz stavkasi "Joriy qayta moliyalash stavkasi bo‘yicha", deya ko‘rsatilgan bo‘lsa, unda 25 sentyabrdan boshlab oshirilgan 16 foizda to‘lanadi. Yangi olinadigan kreditlar bo‘yicha esa foiz stavkalar har bir tijorat bankining kredit va foiz siyosatidan kelib chiqqan holda mustaqil tarzda belgilanadi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV suhbatlashdi.