Qirg‘inbarot jangga guvoh bo‘lgan shaxs keyinchalik Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy Harakatiga asos solinishiga sabab bo‘lgandi
Ayni kunlarda jahon hamjamiyati Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy Harakatining 160 yilligini nishonlash bo‘yicha turli tadbirlarni amalga oshirib bormoqda.
Joriy yilda mazkur sanani nishonlash bo‘yicha Respublika tadbirlari Samarqand shahrida o‘tkaziladi.
Shveysariyalik tadbirkor Anri Dyunanning 1859 yilning iyunida Italiyaning shimolida kechgan Avstriya-Fransiya qirg‘inbarot urushi dahshatlarini tasodifiy kuzatuvchisi bo‘lgan. Jang maydonlaridagi yaradorlarga ko‘rsatgan yordami va bu haqida uning “Solfereno xotiralari” kitobi 1863 yilda Shveysariyada Xalqaro “Yaradorlarga yordam ko‘rsatish” tashkiloti tashkil etilishiga sabab bo‘lgan.
Ko‘ngilli hamshiralar va tibbiy-harbiy xizmat xodimlari uchun betaraf bo‘lgan bu tashkilot Shveysariya davlat bayrog‘ini teskari ranglarda – oq fonda Qizil Xoch timsolini qabul qilib, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi deb nomlanadigan bo‘lgan. Qisqa davr ichida Yevropaning qator mamlakatlarida: 1864 yilda Belgiyada, Italiyada, Fransiyada, Ispaniyada, 1865 yilda Norvegiyada, Shvetsiyada, Portugaliyada, 1866 yilda Shveysariyada, 1867 yilda Avstriyada, Niderlandiyada, Rossiyada ham bu kabi jamiyatlar tashkil etilib, ular ham Shveysariya davlati qator yillardan buyon neytral maqomdan foydalanib kelayotganligi, bu timsolning esa diniy ahamiyatga ega emasligi sababli Qizil Xoch timsolini qabul qilishdi.
1868 yilgi Rossiya-Turkiya urushida Turkiya Qizil Xoch timsoli o‘rniga Qizil Yarim oyni qabul qildi va bu holat Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi tomonidan qabul qilindi. Shundan keyin asosan aholisi musulmonlar bo‘lgan bir qator mamlakatlarda tashkil etilgan bu kabi jamiyatlar Qizil Yarim oy timsolini qabul qilishdi. 1923 yilda Eronda tashkil etilgan jamiyat 1980 yilda Qizil Yarim oy timsolini qabul qilgunga qadar Qizil Sher va Qizil Quyosh timsolidan foydalanib keldi. 2005 yilning dekabr oyidan boshlab esa timsol masalasidagi muammolar paydo bo‘lganligi oqibatida Jeneva Konvensiyalaring Uchinchi Qo‘shimcha bayonnomasiga asosan uchinchi bir timsol – Qizil Kristall timsolidan foydalanishga ruxsat berildi.
Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi - qurolli to‘qnashuvlarda o‘zining mintaqaviy vakolatxonalari orqali jabrlanganlarga chodirlar, ko‘rpa-to‘shak, kiyim-kechaklar, oziq-ovqatlar, sanitar-gigiyenik vositalarni yetkazib beradi. Tinch davrlarda xalqaro insonparvarlik huquqlari targ‘iboti bilan shug‘ullanadi.
Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatlari Federatsiyasi tabiiy, texnogen va ekologik turdagi ofatlarda jabrlanganlarga yuqorida keltirib o‘tilgan muruvvat yordamlarini ko‘rsatadi.
Milliy jamiyatlar. Harakatning uchinchi qismi Milliy jamiyatlar bo‘lib, ular hozirgi kunda jahonning 196 ta mamlakatlarida mavjuddir. Har bir mamlakatning jamiyati bitta timsolga ega bo‘lishi mumkin. Qizil Xoch, Qizil Yarim oy va Qizil Kristall timsollardan tashqari boshqa timsollarni ishlatishga ruxsat berilmaydi.
Harakatning faoliyati insonparvarlik, xolislik, betaraflik, mustaqillik, ko‘ngillilik, yakka-yagonalik, umumiylik kabi yettita tamoyilar asosida olib boriladi.
O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati 1925 yil 14 noyabrda tashkil etilgan.
Keyingi davrlarda Armaniston (Spitak), Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkiya, Eron kabi mamlakatlarda sodir bo‘lgan kuchli yer silkinishlari, ko‘chki, suv toshqinlari kabi tabiiy ofatlarda O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati salmoqli miqdordagi insonparvarlik yordamlarini ko‘rsatib kelmoqda. Jumladan, joriy yilning fevral oyida Turkiyada sodir bo‘lgan halokatli zilziladan zarar ko‘rgan aholi uchun Turkiyaga maxsus reysda yig‘iladigan karavotlar, chodirlar, oshxona jihozlari to‘plamlari, ko‘rpa-to‘shak to‘plamlari, oilaviy gigiyena to‘plamlari, jami deyarli 200 million so‘mlik muruvvat yordamlarini jo‘natdi.
1992 yil 28 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati to‘g‘risida»gi Farmonga imzo chekdi.
1995 yil dekabr oyida O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati Xalkaro Federatsiyaning 165-a’zosi etib qabul kilindi. O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati Xalkaro Federatsiyaning favkulodda vaziyatlar bo‘yicha Komissiyasi a’zosidir.
O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- favqulodda vaziyatlarga tayyorlanish, ofatlarda jabrlanganlarga va muhtoj kishilar hamda ko‘p bolalik kam ta’minlangan oilalarga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish, aholini birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga o‘qitish;
- jamiyat g‘amxo‘rligidagilarga va aholining boshqa zaif tabakalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish;
- yoshlar harakatini rivojlantirish va jamiyat ishlarida qatnashishga yoshlarni (volonterlarni) jalb etish;
- Xalqaro Insonparvarlik Huquqlari (Jeneva Konvensiyalarini) targ‘ib etish;
- Qidiruv xizmati.
Ana shu yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyatining Samarqand viloyat tashkiloti tomonidan ham aholini ijtimoiy himoyalashda davlat organlariga salmoqli ravishda ko‘mak ko‘rsatilib kelinmoqda. Jumladan, oxirgi 3 yil mobaynida Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatlari Federatsiyasi bilan hamkorlikdagi “Markaziy Osiyo davlatlarida mahalliy darajada tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish orqali mahallalar barqarorligini kuchaytirish” loyihasi bo‘yicha Samarqand shahri, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand, Urgut tumanlaridagi favqulodda holatlar sodir bo‘lishi ehtimoli ko‘proq bo‘lgan 20 ta mahalla va ularning hududlaridagi maktablarda favqulodda vaziyatlarda qutqarish va birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi va ushbu mahalla va maktablarga 141 million so‘mdan ortiq miqdorida favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va jihozlar yetkazib berildi hamda joylarda ulardan foydalanish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgan.
Vitloyatda tashkilot tomonidan muntazam insonparvarlik aksiyalari щtkazib kelinadi. Jumladan, koronavirus pandemiyasi munosabati bilan e’lon qilingan karantin davrida oziq-ovqat va pul mablag‘lari bilan ko‘rsatilgan moddiy yordamlar miqdori jami 552 million 120 ming so‘mni tashkil etgan. Shundan koronavirus oqibatlarini bartaraf etish uchun dastur asosida 584 nafar kishilarning plastik kartochkalariga o‘tkazib berilgan mablag‘ning umumiy miqdori 328 million so‘mdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining jamoat fondidan yutib olingan “Rahm-shafqat xizmati” grant mablag‘lari hisobidan 20 (yigirma) million so‘m miqdorida nogironlik aravachalari, tanometrlar, qo‘ltiqtayoqlar, xodunoklar, hassalar va boshqa buyumlardan iborat reabilitatsion jihozlar va sanitar gigiyenik vositalar – jami 25 nomdagi inventarlar xarid qilindi. Hozirgi kunda bu jihozlar murojaat etgan kishilarga bepul ma’lum vaqtda foydalanishlari uchun ijaraga berilmoqda.
Keksalarni va imkoniyati cheklangan shaxslarni parvarishlovchi xodimlarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilib, ularda 575 nafar kishilar favqulodda holatlarda birinchi yordam ko‘rsatish asoslariga o‘rgatildilar va sertifikatlar oldilar.
***
Bugun Samarqandda ham tashkilotning 160 yilligi nishonlandi. "Yoshlar markazi" binosida Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy Harakatining 160 yilligiga bag‘ishlangan respublika yubiley tadbiri o‘tkazildi. O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati Bosh kotibi Elmira Amiraliyeva, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi mintaqaviy vakolatxonasi rahbar o‘rinbosari Jak Barberis va boshqalar ishtirok etgan tadbirda jamiyatning bir guruh faxriylari, hamkorlari, xodimlari va ko‘ngillilariga tashakkurnoma va faxriy yorliqlari topshirdi.
Munira Aripova,
O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati
Samarqand viloyat tashkilotining raisi.