Qishloqda yashash kerakmi yoki shahardami?

Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 49,6 foizi qishloqlarda yashaydi. Qish mavsumi kelishi bilan yashash uylarini isitish masalasi ularning asosiy muammosi bo‘ladi.

To‘g‘ri, qishloq hududlarining ham ba’zilari gazlashtirilgan, lekin bu 30-35 foizni tashkil etadi. Boshqalari ham to‘liq suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan, ammo bu xonalarni isitish uchun emas.

Gazlashtirilmagan qishloqda yashovchi bitta oilani olaylik. Deylik, oilada ota-ona va o‘rta hisobda 3 nafar farzand bilan jami 5 kishi yashaydi. Farzandlardan birontasi balog‘atga yetgan bo‘lsa, kamida 2 ta, bir o‘g‘il va bir qizi katta bo‘lib qolganida qishda 3 ta xonani isitishga to‘g‘ri keladi.

Odatda 1 ta xonani isitish uchun bir sutkada 20 kilogramm ko‘mir yetarli, deb hisoblasak, 3 ta xona uchun bir sutkada 60 kilogramm ko‘mirga ehtiyoj tug‘iladi. Demak noyabr, dekabr, yanvar, fevral va mart oylari uchun 9000 kilogramm (bu 9 tonna yoki 3 “Zil” mashina) ko‘mir kerak bo‘ladi.

Hozir ko‘mirning narxi bir kilogrammi 300 so‘mdan ziyod. Misol keltirilayotgan oila qishda sovuqqotib qolmaslik uchun 3 million so‘m atrofida xarajat qilishiga to‘g‘ri keladi. Albatta, birgina ko‘mir sotib olish bilan ish bitmaydi, uni yoqish uchun mo‘ljallangan pechka ham 500 ming so‘m turadi. Bundan tashqari, ko‘mir o‘zi yonmaydi, o‘tin ham kerak. O‘tinning ham bir qishligi 1 million so‘m atrofida narxlanadi.

Ayrim oilalarda yagona kafolatlangan mablag‘ topuvchi 1 million so‘m pensiya oladi. Shunday oilalarni qishdan davlatdan, yurtdan rozi bo‘lishini ham o‘ylab ko‘rish kerakmasmikan?

O‘zi, umuman, qishloq joylarda bir oyda kutilmagan yoki ko‘zda tutilmagan 1 milllion so‘mlik xarajat qilish to‘g‘ri kelsa “shoshib” qoladigan oilalar soni nechta ekanligini deyarli hamma biladi.

Bas shunday ekan, qishda qor yog‘masligini, izg‘irin bo‘lib kunlar sovib ketmasligini Xudodan so‘raydiganlar ham shuncha.

To‘g‘ri, qishloq aholisining qishdan sovuqqotmay chiqishi uchun kimdir, qaysidir tashkilot mas’ul emas. Ayb ularning o‘zida, shaharda yashashi kerak edi. Balki boshqachadir, siz nima deysiz?

Bekzod Orziqulov,

xalq deputatlari Narpay tumani Kengashi kotibiyati mudiri.