Qitmir kamchilik izlaydi, zakiy yangi marralarni ko‘zlaydi

Boshqa yurtdoshlarim qatori davlatimiz rahbarining har bir chiqishlarini diqqat bilan tinglayman yoki bosma nashrlardan topib o‘qiyman. Menimcha, Siz ham shunday qilasiz. Ammo masalaning muhim jihati shundaki, undan har kim o‘zi istaganini topadi. Qitmir odam kamchilik izlaydi, zakiy inson yangi marralar, istiqbol rejalarni kutadi, shubhasiz.

Bilmadim, menga shunday tuyuladi - prezidentimizning har bir chiqishi oldingisini to‘ldirib boradi. Misol uchun, davlatimiz rahbari Uchinchi Renesans qurish haqida gapirganida miyig‘ida kulganlar ham bo‘ldi. Buni tushunmaganlar, balanparvoz gap sifatida talqin qilganlar ham yetarli. Shunisi aniqki, ular “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga berilgan intervyu bilan tanishgach, so‘z topolmay qolishdi. Chunki intervyu davomida yangi uyg‘onish davri qanday bo‘lishi va unga qay tariqa o‘tishimiz oddiy so‘zlar bilan, sodda tilda tushuntirib berildi.

Umuman, davlatimiz rahbarining barcha chiqishlarini bog‘lab turuvchi bir qizil chiziqni ko‘raman. Ya’ni, ilmdan boshqa najot yo‘qligi turli rakuslarda, aniq isboti bilan ta’kidlab kelinadi.

Yashirib nima qildik, mustaqillikning dastlabki yillarida biz ilmdan, fandan birmuncha uzoqlashdik. Oilamizda ilmiy dargohda mehnat qiladigan ko‘p bo‘lgani uchun o‘zaro suhbatlarda tizimda izlanish, yangilik yaratishga ishtiyoq, qiziqish pasayib borayotgani bot-bot takrorlanardi. Albatta, buning o‘ziga yarasha sabablari bor edi. Negaki, ilm bilan shug‘ullanish, fan bo‘yicha izlanish hech bir manfaat keltirmasdi. Oddiy aytganda, bu ishdan qora qozonga tushgulik biror nima umid qilib bo‘lmay qolgandi. Shukurki, keyingi 4-5 yilda bu masala ancha tartibga keldi. Olim odam o‘zini ilm ulashishga, umrini fanga bag‘ishlashdan qo‘rqmaydigan bo‘ldi.

Yoki magistraturada o‘rinlar soni oshirildi, ko‘plab grantlar e’lon qilindi. Bu kabi yangiliklar, ijobiy o‘zgarishlarga ko‘plab misol keltirish mumkin.

Muhimi, bugun yurtimizda butunlay yangicha ilmiy-ma’rifiy muhit paydo bo‘ldi. Mazkur nutqda davlat va jamiyat taraqqiyoti, xalq farovonligini ta’minlashda sog‘liqni saqlash, ilm-fan hal qiluvchi o‘rin tutishi alohida qayd etildi.

Fikrimcha, davlatimiz rahbari quyidagi gapi biz, ziyolilarning faoliyatimizni qayta ko‘rib chiqishga, o‘z ustimizda ko‘proq ishlashga da’vat bo‘ldi: “Agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi”.

Hamon o‘ylayman, o‘zimga savol beraman: ta’lim tizimining eng yuqori bosqichida shu gaplarga mos mehnat qilyapmanmi? Avvalgidan o‘zgaryapmanmi? Faoliyatim bugungi kun talablariga javob beradimi?

Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi ilm-fanda ham raqobat qanday keskin tus olib borayotganini ko‘rib turibmiz. Bu shiddatli raqobatga faqat zamonaviy yondashuv, tinimsiz izlanish orqali munosib javob bera olamiz. Zero, zulmat nolishdan chekinmaydi, ziyo bilan daf qilinadi.

D.ISLAMOVA

SamDU assistent-o‘qituvchisi.