"Qizil hudud”dan maktublar

“14 kun karantinga olingan hudud nazoratida turdik. Keyin o‘zimiz karantinga olindik. Koronavirusga chalinmagan bo‘lsak-da, bir necha kun shunday qilishimiz lozim edi. Uyga qaytganimda o‘g‘limni qo‘limga olishga qo‘rqardim. Garchi tekshiruvlardan o‘tgan bo‘lsam ham xavotir tinch qo‘ymayotgan edi... Odamlarning ko‘chada bemalol yurishlarini ko‘rib, hayron qolyapman. Ular o‘zlarini o‘ylashmasa ham yaqinlari haqida qayg‘urishmaydimi?! O‘z oilasi haqida qayg‘urmagan kishidan qanday vatanparvar chiqadi?!”

Harbiy yigit.

****

“Ota-onamni ko‘rmaganimga bir yarim oy bo‘ldi. Sog‘indim. Ular hozir “Yashil hudud”da. Vaziyat biroz yumshaganidan foydalanib, borib kelgim keladi. Lekin ota-onamni ham, hamqishloqlarimni ham xavotirga qo‘ygim kelmaydi. Bittagina qaltis harakatim sabab yashnab turgan bog‘ni xazonga aylatirgim yo‘q. “Sabr qilishim kerak, deb o‘zimga o‘zim ko‘p uqtiraman. Hammasi ortda qoladi”.

Uyda qolgan yigit.

****

“Bolamizning joni og‘risa shifoxonaga, dorixonaga olib chopamiz. Tezroq tuzalsin, deymiz.

Vatanni onaga qiyoslashadi. Ikki ming yetti yuzdan ortiq farzandi koronavirus bilan kasallangan onaning holatini endi tasavvur qilavering...”

Qiyosiddin.

Asliddin Mustafoyev tayyorladi.