Qizil Yarim Oy harakati muhtojlarga yaqin ko‘makchi
Samarqand shahrida Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy harakatining 161 yilligi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.
Unda Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi boshlig‘i o‘rinbosari Jak Barberis, O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati viloyat tashkiloti raisi M.Aripova va boshqalar ishtirok etib, aholini kuchli ijtimoiy himoya qilish, salomatligini muhofazalash, tibbiy madaniyatini yanada yuksaltirish, turli favqulodda vaziyatlarda tezkor va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishda O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyatining muhim o‘rni borligini ta’kidladi.
- O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyatining tibbiy-ijtimoiy faoliyatni targ‘ib qilish, aholining sanitariyaga oid bilimlarini yuksaltirishdagi xizmatlari tahsinga loyiq, - deydi Jak Barberis. – Jumladan, Samarqandda tashkilotning aholida birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmasini mustahkamlash, yuqumli kasalliklar profilaktikasi borasida tushuntirish ishlari olib borish, kam ta’minlangan oilalarga ko‘maklashish, onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishlaridagi faoliyatini ijobiy baholaymiz.
Aholining favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va birinchi yordamga o‘rgatish bo‘yicha 62 ta hududda o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
- Viloyat tashkiloti tomonidan 3350 nafar kishi favqulodda vaziyatlarda birinchi yordam ko‘rsatish asoslariga o‘rgatildi, - deydi tashkilotning ko‘ngillilar guruhi rahbari Adham Mamarahimov. – Ulardan 1115 nafari keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarni parvarishlash bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitildi. 160 nafar ko‘ngillining 30 nafari o‘qituvchi-talaba bo‘lsa, qolgani turli kasb egalaridan tashkil topgan. Shuningdek, "Mehr-shafqat" xizmati xodimlari 2200 nafardan ziyod yakka-yolg‘iz qariya va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy, moddiy va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda.
Tadbirda “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garaklari a’zolari ham ishtirok etib, o‘zlari yasagan o‘quv qurollari, milliy hunarmandchilik namunalarini namoyish etdi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.