Qizlar nega erta balog‘atga yetyapti, farzandsizlikka erkaklar ko‘proq sabab bo‘lyaptimi, jinsiy hayot haqida yoshlar qachon bilishi kerak?

Ayol kishi sog‘lom farzand ko‘rishi haqida necha yoshdan boshlab qayg‘urishi kerak? Erkaklar-chi? Ular ham bu masalada turmush qurishdan oldinroq o‘ylab ko‘rishlari kerakmi? Umuman, keyingi yillarda farzandli bo‘lish, shuning barobarida bu masaladagi muammolar nimalardan iborat? Nega turmush qurayotganlar orasida farzandli bo‘lishi ancha cho‘zilayotgan holatlar ko‘paygan? Bu haqda respublika aholi va reproduktiv salomatlik markazi Samarqand filiali rahbari Umida Boborahimova bilan suhbatlashdik.
- Har bir insonning turmush qurishdan asosiy maqsadi baxtli hayot kechirish va farzandli bo‘lib, ularning kamolini ko‘rishdir, - deydi U.Boborahimova. – Afsuski, aksariyat hollarda yoshlar turmush qurgandan so‘nggina farzand ko‘rish haqida o‘ylay boshlaydi. Vaholanki, ota-ona har bir farzandining u xoh o‘g‘il, xoh qiz bola bo‘lsin, uning reproduktiv salomatligiga bolalikdan e’tibor berishi lozim.
– Deylik, bolalikda farzandiga qarovda qaysi jihatlar kelgusida bu boradagi salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
- Bu savolga javob berishdan oldin ba’zi faktlarni keltirib o‘tish lozim. Ayni kunlarda viloyatda 11 mingga yaqin yosh oilada farzand ko‘rish bilan bog‘liq muammo bor. Bu raqam ham nisbiy. Sababi, ushbu raqamda faqatgina markazga murojaat qilgan oilalar ro‘yxatga olingan. Bulardan tashqari, turli xususiy va boshqa klinikalardan muolaja olayotgan yoki tabiblarga qatnayotgan oilalar qancha. Agar ularning hammasi jamlansa, kishini o‘yga toldiradigan raqamlar kelib chiqadi. Eng yomoni, bu raqamlar yildan-yilga oshib bormoqda. Yaxshi bilasiz, bizning oilalarda farzandli bo‘lish kechikishi bilan shu oilaning katta yoshli kishilari birinchi navbatda kelinni ko‘rikka jo‘natadi. Kelin ham bir nechta ginekolog tavsiyasiga ko‘ra davolanib yuraveradi. Kelin-kuyov birdan tekshiruvdan o‘tishi kerakligi haqida juda kech o‘ylashadi va ba’zi hollarda vaqtdan yutqazishadi. Afsuski, keyingi yillarda erkaklar bepushtligi tufayli farzand ko‘rish muddatining kechikishi holatlari ham ko‘payayayotir. Xususan, yuqorida keltirilgan 11 ming oilaning 30 foizida farzand ko‘rishdagi muammolarga erkak kishi sababchi. Buning ko‘plab sabablari bor.
Olimlar fikricha, bugun ayniqsa o‘g‘il bolalarda sanoat usulidagi tagliklardan doimiy ravishda foydalanish zararli oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, bolalikda tepki xastaligiga chalinganlarni shunchaki tabiblar yordamida davolash, uyali telefonni cho‘ntakda olib yurish kabi qator holatlar ham kelgusida farzandli bo‘lishda muammolar keltirib chiqaradi.
Qizlarni o‘z vaqtida tekshiruvdan o‘tkazmaslik, balog‘atga yetgan payti hayz siklidagi o‘zgarishlarga beparvo bo‘lish, shu payti bo‘ladigan og‘riqlarga «o‘tib ketadi», qabilida qarash esa qizlarning kelgusi muammolariga sabab bo‘lishi mumkin.
- Bir paytlar ginekologga qizlarni olib borishga aholi tomonidan o‘ziga xos bir tabu, ya’ni ichki ta’qiq qo‘yilgandi. Hozir bu biroz yo‘qoldi. Bunga keyingi yillarda shahar, tuman poliklinikalarida tashkil etilgan ayollar maslahatxonasi va qizlar salomatlik markazlarining ochilgani ham turtki bo‘ldi. Shunday emasmi?
- Albatta. Ushbu markazlarning tashkil etilishidan so‘ng onalar qizlarini akusher-ginekolog xonasiga emas, balki qizlar xonasida ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib kelmoqda. Markaz xodimlari tomonidan qizlarning doimiy ravishda ko‘rikdan o‘tkazilishi, afsuski, ular o‘zlari gumon qilgan, ammo murojaat qilmay yurgach aniqlanmagan xastaliklarni chiqarib berdi. Misol uchun, shu yilning uch oyi davomida viloyatdagi 11 mingdan ziyod o‘smir qiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lsa, ularning ming nafardan ko‘prog‘ida turli kasalliklar aniqlandi. Ushbu xastaliklarning 161 tasi ginekologikdir. Ularning 200 nafari hududlarda davolangan. 10 nafariga tezkor jarrohlik amaliyoti qo‘llanilishi zarurligi tufayli viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida davolandi. Qizlarda o‘smir yoshidanoq turli kistalar, endometrioz kabi kasalliklarning aniqlanishi tashvishlanarli.
- Ilgari bu kasalliklar 30-40 yoshdan oshgan, asosan fertil yoshidan o‘tgan ayollarda aniqlanardi. Bu xastaliklarning keskin «yosharayotgan»iga sabab nima deb o‘ylasiz?
- Keyingi yillarda bolalarning balog‘atga yetish davri ham ancha yoshardi. Ilgari bu o‘rtacha 14-15 yoshda kuzatilgan bo‘lsa, bugunga kelib 10 yoshli qizlarning balog‘at davrini boshidan kechirayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu esa onalarning farzandlariga ko‘proq e’tiborli bo‘lishlarini talab etadi. Onalar qizlari, otalar o‘g‘illari bilan bu masalada ochiqcha gaplashib, ularning bu paytda to‘g‘ri yo‘l tutishlariga yordam berishlari kerak. Xususan, hayz payti qizlarning og‘ir ko‘tarmasligi, o‘zini avaylashi zarur bo‘ladi. Afsuski, bobo-buvilar qo‘lida qolib ketayotgan, shuningdek, notinch oilalarda o‘sayotgan o‘smirlar bilan bunday suhbatlar bo‘lmaydi, farzandlar suyanchiq his etmasligi ham ularning salomatligiga, ruhiyatiga keskin ta’sir o‘tkazmoqda.
Bu masalada yana bir holat, qizlar bugun jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarida umumiy tarzda qatnashayotgani, ular uchun ayol muallimalarning yo‘qligi ham muammolarga sabab bo‘lyapti. Yuqorida aytganimday, qizlar hayz payti ham jismoniy mashqlar bajarishi ularning salomatligiga putur yetkazadi.
- Siz yuqorida farzand ko‘rishdagi muammolarning 30 foizida erkaklar sabab bo‘lyapti, dedingiz. Ammo markaz tomonidan faqat qizlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladimi?
- Afsuski, shunday. To‘g‘ri, ta’lim muassasalarida suhbatlar olib borilganda qizlar va o‘g‘il bolalarga alohida ma’ruzalar o‘qiymiz. Ammo ko‘rik faqat qizlar uchun. Yigitlar o‘rtasida ham ko‘rik olib borish taklifini berganmiz. Taklif ma’qullanib, mutaxassis ajratilsa, albatta ko‘rikni boshlaymiz.
- Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda mas’ul shaxslarning maktablarda jinsiy tarbiya fani o‘qitilishi kerak, degan taklifi ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo‘ldi. Siz reproduktolog shifokor sifatida bu taklifga qanday munosabat bildirasiz?
- Bilasizmi, markaz ochilgandan beri biz ta’lim muassasalarida qizlar, o‘g‘il bolalar salomatligi, balog‘at davri bilan bog‘liq ma’ruzalar o‘qiymiz, yigitlar, qizlar bilan alohida-alohida suhbatlar olib boramiz. Bugun, internet rivojlangan, eng chekka hududlarda ham dunyoning istalgan saytlaridan ma’lumot olish mumkin bo‘lgan bir paytda o‘smir-yoshlarning bu borada tushunchasi yo‘q, degan qarashlarning o‘zi noto‘g‘ri. Ammo hamma gap shundaki, ular internet orqali qanday ma’lumotlarga ega bo‘lyapti, to‘g‘rimi, noto‘g‘rimi, buni hatto farzandlarning ota-onasi ham bilmaydi.
Ko‘riklar davomida 7-sinf qizlari orasida tug‘ruq holatlari aniqlanyapti. Tumanlarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda o‘smir yigitlar shunaqa savollar beryaptiki, bu savollar orqali ular jinsiy hayot haqida allaqachon noto‘g‘ri tasavvurga ega ekanligini ko‘rsatib turibdi. Bu haqda yoshlarga to‘g‘ri va zarur bo‘lgan ma’lumotlarni berib borish kerak, deb o‘ylayman. Eng qizig‘i, yaqinda o‘tkazilgan so‘rovda 93 foiz o‘smir qizlar, 83 foiz yigitlar jinsiy hayot haqida ma’lumotga ega bo‘lishni istayman, degan fikrni bildirgan. O‘smirlarni noto‘g‘ri ma’lumotlardan asrash uchun ham ularga tushuncha berish, diniy, dunyoviy nuqtai nazardan oilaviy, jinsiy hayot haqida mukammal dars bo‘lishi kerak.
- Suhbatingiz uchun rahmat!
Gulruh Mo‘minova suhbatlashdi.
***
Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grant loyihasi asosida tayyorlandi.