Qizlartepa va Kofirqal’a yodgorliklarida nima gaplar?

Samarqand arxeologiya institutida Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev oliygoh xodimlari, arxeologiya merosini tadqiq etish bo‘yicha hamkorlikda izlanish olib borayotgan Italiyaning Bolonya universiteti, Xitoyning Shimoliy g‘arbiy universiteti, Janubiy Koreyaning Madaniy meros fondi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ayni paytda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Muzeyshunoslik va arxeologik tadqiqotlar: dolzarb muammolar va zamonaviy yechimlar” mavzusidagi xalqaro forum doirasida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda madaniy meros sohasidagi ilmiy hamkorlik, tadqiqot natijalarini ommalashtirish hamda ochiq osmon ostida muzeylar yaratish masalalari muhokama qilindi.

 - Institutimiz hamda Koreya Madaniy meros fondi hamkorligida “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Samarqand madaniy va turizm resurslarini rivojlantirish, salohiyatini oshirish” loyihasi ishlab chiqilgan, - deydi Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov. - Bugun ushbu loyiha asosida Samarqand shahridagi Qizlartepa tarixiy yodgorligida qazuv va tadqiqot ishlari boshlangan. Ikki bosqich - may-iyun hamda oyetyabr-noyabr oylari uchun mo‘ljallangan tadqiqot ishlari davomida oldimizga Qizlartepa yodgorligining tarixi, davri, o‘z davrida inshootdan nima maqsadlarda foydalanilgani va uning shahar tarixidagi o‘rniga aniqlik kiritish, majmuani turizm ob’yektiga aylantirish vazifalari qo‘yilgan.

Samarqand arxeologiya institutida madaniy merosni saqlash va tadqiq qilish bo‘yicha konservatsiya va boshqaruv markazi tashkil etilgan bo‘lib, Qizlartepa yodgorligini birgalikda qazish va tadqiq qilish orqali turizm resurslar salohiyatini kuchaytirish, shahardagi madaniy meros ob’yektlarini raqamlashtirish va inventarizatsiya qilish ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, italiyalik arxeologlar tomonidan Kofirqal’a tarixiy shaharchasida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar ko‘lami va yangi noyob topilmalar ustida ishlash masalalari ham uchrashuv ishtirokchilari diqqat-markazida bo‘ldi.

Tursunali Qo‘ziyev Qizlartepa yodgorligida amalga oshirilayotgan arxeologik qazuv ishlariga bevosita guvoh bo‘lar ekan, bu tadqiqotlarning nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo madaniyati, ilm-fani tarixi uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Bajarilayotgan konservatsiya, restavratsiya ishlarining samaradorligini oshirish yuzasidan tavsiyalar berdi. Bu borada koreyalik, italiyalik hamda xitoylik mutaxassislarning takliflari tinglandi.

 Abdug‘ofur ShERXOLOV.