QLEVER – yoshlarning dushmanona til va yolg‘on axborotlardan himoyalanganligini oshirishga qaratilgan o‘yin platformasi

Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi ishonuvchan yoshlarning mediasavodxonligini oshirishga yo‘naltirilgan ta’limiy va interfaol o‘yinlarni taqdim etuvchi QLEVER platformasi ishga tushirildi. Platformani kompyuterlar va Android uyali telefonlariga yuklab olish mumkin.

QLEVER Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistonda yashovchi Markaziy Osiyo yoshlarining dushmanona til, yolg‘on axborotlar va feyklardan himoyalanganligini oshirishga, shuningdek ularda tanqidiy fikrlash va mediasavodxonlik ko‘nikmalarini hosil qilishga yordam beradi. O‘yinlarning mazmuni sanab o‘tilgan to‘rtta mamlakatdagi media makon monitoringi natijalariga asoslanib ishlab chiqilgan. Bu o‘yinlarni o‘ynab, yoshlar ballar ishlab olishlari hamda ularni mobil birliklar va sovg‘alarga almashtirishlari mumkin bo‘ladi.

QLEVER «Markaziy Osiyo yoshlarining tanqidiy fikrlashini o‘stirish uchun media va axborot savodxonligi» (BRYCA loyihasi) loyihasi doirasida Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida ishlab chiqilgan.

Platforma IREX Europe NHT (Fransiya), OAVni qo‘llab-quvvatlash markazi (Qirg‘iziston), MediaNet Xalqaro jurnalistika markazi (Qozog‘iston), Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (O‘zbekiston) hamda «Gurdofarid» jamoat tashkiloti (Tojikiston) kabi nohukumat tashkilotlari tomonidan yaratilgan. 

O‘yinli tajribamizning asosiy maqsadi – Markaziy Osiyoda istiqomat qiluvchi yoshlarga o‘zlarining himoyalanganliklari va xavfsizliklarini ta’minlash uchun feyk axborot va dushmanona tilni aniqlash ko‘nikma va usullarini mustahkamlashga yordam berishdan iborat. Ushbu hududda mediasavodxonlik darajasini yuqori deb bo‘lmaydi. Aksariyat hollarda jamoatchilikda demokratik jamiyatda medianing o‘rni va mas’udiyati borasida chuqur bilimlar mavjud emas. Butun dunyoda bo‘lgani kabi, Markaziy Osiyo yoshlari ham asosan onlayn manbalar va ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlarga ishonadi. Vaholanki, an’anaviy media manbalar internetdagi dushmanona til va yolg‘on axborotlarga muqobil bo‘la olmayapti. Oqibatda jamiyatning noto‘g‘ri yo‘ldan ketib qolish ehtimoli ortib boradi, deb hisoblaydi loyiha tashabbuskorlari.

Yoshlarni, ayniqsa chekka qishloqlar va shahar atroflarida yashovchi kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar farzandlari bo‘lgan yoshlarni ta’limiy tadbirlarga jalb etish juda mushkul. Aksariyat hollarda bunday yoshlar an’anaviy ta’limiy dasturlarda qatnashishni bilmaydi yoki xohlamaydi, odatda, ular bilan onlayn tarzda ishlashga qiziqmaydi.   

QLEVER o‘yin platformasi innovatsion va interfaol o‘yinlar vositasida hamda yoshlarni mobil birliklardan smartfonlargacha bo‘lgan sovg‘alar bilan qo‘llab-quvvatlash orqali muammoga yechim topishni taklif etadi. Shunday qilib, bizning maqsadimiz minglab ishonuvchan yoshlar orasiga kirib borish va ularning, jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi, dushmanona til, targ‘ibot va yolg‘on axborotlardan himoyalanganligini oshirishga hissa qo‘shishdan iborat.

QLEVERni mobil telefonlar uchun mo‘ljallangan  Google Play Market'dan havola orqali bepul yuklab mumkin hamda u https://qlever.asia/ru/region havolasida onlayn foydalanish uchun joylashtirilgan.