"Qo‘limda bemor jon berganda shifokor bo‘lganimdan afsuslanganman"
Rohila Shamsiyeva 40 yildan beri Oqdaryo tumanining Oytamg‘ali mahallasi aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatib keladi. U tibbiyot sohasida hozirgi va oldingi texnologiyalarni qiyoslarkan, bir paytlar shifokor bo‘la turib, bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatolmaganligini afsus bilan xotirlaydi.
Bugun tibbiyot muassasalarida yaratilgan imkoniyatlar bilan avvalgilarini solishtirib bo‘lmaydi, - deydi Rohila Shamsiyeva. – Birgina misol, tumanimizning eng olis hududida joylashgan, men rahbarlik qilayotgan “Oytamg‘ali” oilaviy shifokorlik punktida ham aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit bor. Qo‘shni mahallada tez tibbiy yordam shoxobchasi mavjud. Ehtiyoj sezilsa besh daqiqada yetib kelyapti. Avvallari tez tibbiy yordam mashinasi yo‘liga soatlab ko‘z tikkan kunlarimiz bo‘lgan. Bir bemor og‘irlashib qolsa uni markaziy shifoxonaga yetkazish uchun ulov juda qiyin edi. Hech esimdan chiqmaydi, bir ayol laringit kasalligiga chalingan farzandini og‘ir ahvolda qabulimga olib keldi.
Bor imkoniyatimni ishga soldim, ammo ahvoli og‘irligi uchun uni markaziy shifoxonaga olib bormasak bo‘lmasdi. Qo‘ng‘iroq qilib chaqirilgan tez yordam mashinasidan darak bo‘lavermagach, uni yo‘lda duch kelgan ulov bilan markazga olib ketdik. Ming afsuski, u yo‘lda, qo‘limda jon berdi. Shunda shifokor bo‘la turib, uni asrab qololmaganimdan afsuslanganman. O‘sha paytda bugungidek imkoniyatlar bo‘lganida, u bola tirik qolishi shubhasiz edi.
Bugun olis hududda joylashgan oilaviy shifokorlik punkti zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan. Punktda har birida bir nafardan umumiy amaliyot hamshirasi, patronaj va doya bo‘lgan 3 ta brigada mahallaning 6200 nafar aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelyapti.
- O‘zim kecha-yu kunduz, dam olish kunlarida ham murojaat qiluvchi bemorlar uchun ishda bo‘laman, - deydi Rohila opa. – Sababi hovlim punkt hovlisiga tutashib ketgan. Mahalladoshlarimga jamoamiz bilan qo‘limizdan kelgancha xizmat ko‘rsatamiz. Oddiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun tuman yoki viloyat markaziga borib kelishi kabi sarsongarchilik hozir yo‘q.
Mahalladagi mavjud 5 ta qishloqdan eng olisi – Pilolda mazkur tibbiyot muassasasiga qarashli kichik tibbiyot punkti ham tashkil etildi. Bu qishloq aholisining og‘irini yengil, uzog‘ini yanada yaqin qildi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).