Qog‘oz ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonada yong‘in sodir bo‘ldi

Bugun, 25 iyun kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani, Qirsadoq MFY, Toshkent shoh ko‘chasida joylashgan «Global Comsco Daewoo» MChJ qog‘oz ishlab chiqarish Koreya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasida yong‘in sodir bo‘lgan.

Voqea yuzasidan Toshkent viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 36 ta yong‘in-qutqaruv guruhi tezkorlik bilan hodisa joyiga yetib borgan. Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, korxona ichidagi 5000 kvadrat metr maydonda yong‘in kelib chiqqan. Ayni vaqtda alanga o‘rab olinib, vaziyat to‘liq nazoratga olingan.

Shuningdek, yong‘inni bartaraf etish uchun hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, Toshkent viloyati hamda Toshkent shahar FVB boshliqlari, tuman hokimligi vakillari yetib borgan.

Yong‘in oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan. Hozirda o‘t o‘chirish ishlari davom etmoqda.