Qo‘l, ko‘z va qalb... yoki uch orzu
Bir paytlar yuqori maoshli ishga ega bo‘lish, chiroyli ayolga uylanish va butun dunyoga mashhur bo‘lish kabi uch orzusi bor bir odam yashagan ekan.
Qishning sovuq kunlaridan birida u taniqli kompaniyada ishga kirish uchun suhbatga shoshilayotgan edi. To‘satdan ro‘parasida bir keksa kishining yiqilib tushgan ko‘rdi. Erkak bu odamni mast bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, unga yordam bermasdan, yo‘lida davom etdi...
U rejalashtirilgan uchrashuvga kechikmadi, ammo suhbat muvaffaqiyatsiz o‘tdi. Ular uni ishga olishmadi.
Yoz oqshomida qahramonimiz shahar bo‘ylab sayr qilardi. U ko‘cha ijrochilari truppasini ko‘rib qoldi va zavqlanib ular ko‘rsatayotgan pesani tomosha qilish uchun to‘xtadi. Tomoshabinlar uncha ko‘p bo‘lmasa-da, biroq spektakl qiziqarli bo‘ldi. Tomosha tugagach, olomon tarqala boshladi.
Qahramonimiz ham ketmoqchi bo‘lib turgan edi, kimdir tortinchoqlik bilan uning yelkasiga tegdi. O‘girilib qaragan erkak ro‘parasida spektaklda bosh rolni o‘ynagan keksa masxaraboz ayolni ko‘rdi. Ayol undan spektakl haqida taassurotlarini so‘ray boshladi. Erkak esa suhbatga kirishgisi kelmadi va jirkangancha undan yuz o‘girib, uyiga ketdi.
Yomg‘irli oqshomlarning birida erkak uyiga shoshilayotgan edi. U juda charchagan edi, xayolida faqat shinamgina uy va issiq choy haqidagi o‘ylar chayqalardi. To‘satdan u kimningdir bo‘g‘iq ovozda yig‘layotganini eshitib qoldi. Bu uyi yaqinidagi o‘rindiqda yolg‘iz soyabonsiz o‘tirgan ayol ekan.
Qahramonimizni payqab, ayol undan yordam so‘rab unga murojaat qildi. Erkak bir zum ikkilandi-yu, lekin ko‘z oldida issiqqina uyi gavdalandi, u bir-ikki beparvo navbatchi iboralarni aytib, uyga kirishga shoshildi.
Bu odam baxtsiz hayot kechirdi. Vafot etganida, farishtani uchratgan erkak unga dedi:
- Men umuman ma’nisiz hayot kechirdim. Bor-yo‘g‘i uchta orzuim bor edi, lekin, afsuski, ularning hech biri amalga oshmadi.
- Men sening barcha orzularingni amalga oshirish uchun qo‘limdan kelganini qildim, -deb javob berdi farishta. – Menga ko‘p narsa emas, faqat sening qo‘ling, ko‘zing va yuraging kerak edi.
- Qanaqasiga...
- Qish kunidagi sirpanchiq yo‘lda yiqilib ketgan odamni eslay olasanmi? U sen ishga joylashmoqchi bo‘lgan kompaniyaning bosh direktori edi. Seni juda tez ko‘tarilib ketadigan martaba kutayotgan edi. Buning uchun sen unga faqat qo‘l uzatishing kerak edi, xolos.
Ko‘chadagi spektakl tomoshasidan keyin seni savolga tutib, bezovta qilgan keksa masxaraboz ayolni eslaysizmi? U seni bir qarashda sevibqolgan go‘zal yosh aktrisa edi. Sizlarni baxtli kelajak, ajoyib farzandlar, so‘nmas muhabbat kutardi. Sendan talab qilingan narsa faqat sening ko‘zlaring edi.
Va nihoyat, uyingga kirish qismidagi o‘rindiqda o‘tirgan ayolni eslaysanmi? Yomg‘irli oqshom bo‘lsa-da, aslida u o‘z ko‘zyoshlaridan jiqqa ho‘l bo‘lib turgan mashhur yozuvchi edi. O‘shanda fojiaga duch kelgan ayolga faqat samimiy hamsuhbat kerak edi. Agar sen unga yordam berganingda, u bu haqda kitob yozgan bo‘lardi.
Boshqa kitoblari kabi uning bu kitobi ham dunyoga mashhur bo‘lib, seni ham mashhur qilardi. O‘sha kuni sendan talab qilingan narsa faqat sening qalbing edi. Ammo sen e’tiborsiz bo‘lding...
Qissadan hissa: Dunyoni tinglashga harakat qilsangiz, u imkoniyatlar beradi. Siz nafaqat yordam so‘rashni bilishingiz, balki yordamga muhtoj bo‘lganlarni ham hurmat bilan qabul qilishingiz kerak.