Qo‘lida hunari bor aslo xor bo‘lmaydi
Samarqand shahridagi Registon maydonida viloyat adliya boshqarmasi hamda «Nogironlar» jamiyati viloyat bo‘limi hamkorligida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Biz - birgamiz” ijtimoiy loyihasi doirasida hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan 100 turga yaqin hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi.

- Bo‘limimiz qoshida “Humo” milliy hunarmandchilik markazi tashkil etilgan, - deydi «Nogironlar» jamiyati Urgut tuman bo‘limi rahbari Qosim Qodirov. – Unga o‘ndan ziyod yoshlar a’zo bo‘lgan. Ko‘rgazmaga ular tayyorlagan qo‘g‘irchoqlar, yumshoq o‘yinchoqlar bilan ishtirok etyapmiz. Markazimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar ham hunar o‘rganadi, ham ozmi-ko‘pmi ro‘zg‘origa daromad keltiradi. Ular tayyorlagan mahsulotlar shartnoma asosida maktabgacha ta’lim muassasalariga sotiladi. Bundan tashqari, tikkan milliy qo‘g‘irchoqlar va yumshoq o‘yinchoqlarni tumanimizdagi ziyoratgohlar atrofidagi do‘konlar orqali xaridorlarga yetkazyapmiz. Bu mahsulotlarga xorijlik sayyohlarning ham qiziqishi katta. Mana, bugungi ko‘rgazmada ham mahsulotlarimizni sayyohlar zavq bilan kuzatmoqda, xarid qilmoqda.
Tadbirda viloyat madaniyat, jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, qator milliy madaniy markazlar tomonidan konsert dasturlari hamda sport musobaqalari tashkil etildi.
To‘lqin SIDDIQOV.