Qon qishloqmi, Xon qishloq?
Har bir joy nomi o‘z tarixiga ega. Masalan, Jomboy tumanida qadimda Qon nomli qishloq bo‘lgan. O‘sha qishloqda jazoga mahkum etilgan odamlarni qatl qilishgan. Ushbu joyda ko‘p qon to‘kilgani uchun odamlar Qon qishloq deb atagan.
Keyinchalik Xon qishlog‘i deb yuritilgan. Yaqinda tumandagi Beshbola mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan ushbu nomsiz aholi punkti Xon deb ataladigan bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimligi huzuridagi geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiya yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Joy nomlarining kelib chiqish tarixi bir-biridan qiziq. Jumladan, Shayboniyxon askarlarining bir qismi kelib yashagan joy nomi keyinchalik “Shayman” nomiga o‘zgartirilib talqin qilingan. Tumanning Katta qishloq mahallasida joylashgan ushbu aholi punktiga Shayman nomi berildi.
Yana bir aholi punktiga Qang‘li nomi berildi. Qadimda Qang‘ davlati bo‘lib, uning aholisi - Qang‘li urug‘i o‘sha hududga kelib yashagan.
Bundan tashqari, tumandagi 41 ta aholi punkti, nomsiz ko‘chalar, Past Darg‘om, Nurobod, Paxtachi, Payariq tumanlaridagi nomsiz qabristonlar, Samarqand shahridagi nomsiz qabriston, ziyoratgoh va maydon nomlari komissiya qaroriga ko‘ra qayta nomlandi.
Nargiza KARIMOVA.