Qonun ustuvorligini ta’minlash nima uchun kerak?

Davlatimiz rahbarining yil boshida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida qonun ustuvorligini ta’minlash orqali davlat hokimiyatini yanada mustahkamlash va davlat boshqaruvini amalga oshirishning eng muhim prinsiplaridan ekanligi alohida ta’kidlandi.

Qonun ustuvorligi avvalo, Konstitutsiyaning ustunligini e’tirof etishga bevosita bog‘liq. Konstitutsiya fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlangan, mamlakatni dunyoga tanitadigan, mustaqillikni ta’minlab bergan davlatning pasporti sifatida tan olinar ekan, u doim o‘zligimizni ko‘rsatib turadigan oliy qonundir. Binobarin, qonun ustuvorligi ta’minlangan davlatda demokratik qadriyatlar qaror topadi va  mustahkam boshqaruv amalda bo‘ladi. Buning uchun bir qator muhim tadbirlarni amalga oshirish orqali zarur, deb hisoblayman.

Birinchidan, har qanday qonun hujjati yaratilishidan oldin mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari chuqur anglab olinishi, davlat va jamiyat taraqqiyoti rivojlanishi yo‘lida qo‘yilgan vazifalar idrok qilinishi va maqsadlar aniqlab olinishi lozim.

Ikkinchidan, jamiyatda tartibga solinmagan ijtimoiy munosabatlar aniqlanishi, fuqarolarning muammolari o‘rganilishi, muhokama va munozaralarga sabab bo‘layotgan turli qarashlar inobatga olinishi hamda ilmiy asoslanishi kerak. Davlat organlarida qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq jarayonlarda ochiqlikni ta’minlash, loyihalarni keng muhokama qilish, uni tegishli huquqiy ekspertizalarini tashkil etish muhim omillardan sanaladi.

Uchinchidan, qonun hujjatlari faqat Konstitutsiyada belgilangan normalar, qoidalar, prinsiplar doirasida ishlab chiqilishi va qabul qilinishi, imkon qadar idoraviy xarakterdagi va ichki me’yoriy hujjatlar qabul qilishni keskin kamaytirish, qonun hujjatlarida inson huquq va erkinliklarini turlicha talqin qilishga olib keladagan havolaki normalar kirib qolishini oldini olish,  to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan qoidalarning yaratilishi muhim omillardan sanaladi.

To‘rtinchidan, yaratilgan qonun hujjatlari loyihalari keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar va mutaxassislarning ekspert ko‘rigidan o‘tkazilishi, ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi lozim.

Beshinchidan, har qanday davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining maqomini yanada oydinlashtirish, ularning faqat qonunchilikda belgilangan vakolatlari doirasiga kiradigan masalalar bo‘yicha qonun hujjatlarini qabul qilishga erishish maqsadga muvofiq.

Oltinchidan, har bir kishida norma ijodkorligi qobiliyatini rivojlantirish, fikrlarni erkin bayon qilish muhitini shakllantirish, har qanday g‘oya va qarashlarni hurmat qilish, uni rag‘batlantirish, ilm-fan natijalari, olimlarning ilmiy xulosa va takliflaridan unumli foydalanish, qonun hujjatlarini yaratishning institutsional tizimini yo‘lga qo‘yish lozim.

Yettinchidan, amaldagi qonunchilikni xatlovdan o‘tkazish, umumlashtirish, kodekslashtirishga keng yo‘l berish, qonunchilik jarayonini takomillashtirish, qonun hujjatlarini ijro qilish mexanizmlarini yanada rivojlantirish, qonun hujjatlarini keng jamoatchilikka o‘z vaqtida yetkazishda axborot kommunikatsiyalarini joriy qilish, mansabdor shaxslarning qonun hujjatlarini sharhlash va talqin qilish qobiliyati hamda ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish ijobiy natija va samara beradi.

Bunday muhim masala yechimi mansabdor shaxslarning huquqiy bilimi va madaniyatiga ham bevosita bog‘liq. Ularning huquqiy bilim darajasi bir tomondan qabul qilinadigan qonun hujjatlarining sifatiga ta’sir ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan qonun hujjatlarining o‘z vaqtida va ishonchli ijrosini ta’minlashga olib keladi.

Prezidentimiz tomonidan so‘nggi paytlarda qabul qilingan qator farmon va qarorlarda qonun ustuvorligiga erishishda mansabdor shaxslarning boshqaruv qobiliyatini rivojlantirish, qo‘l ostida ishlayotgan xodimlarning mehnat huquqlariga so‘zsiz rioya etish, ularning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazmaslik, xodimlarning ishchanlik qobiliyatini rivojlantirish va har tomonlama rag‘batlantirish haqida rahbarlarning ogohlantirilayotgani bejizga emas.

Bugungi kunda “davlat organlari va mansabdor shaxslar xalqqqa xizmat qilishi” asosiy boshqaruv prinsipiga aylantirilayotgan ekan, qonun ustvorligini ta’minlashning asosiy shartlaridan yana biri - bu fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish bo‘lsa, ikkinchi tomonidan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish va ularni ko‘rib chiqish tartiblarini takomillashtirishga ham bog‘liq. Chunki mansabdor shaxslarning o‘z xizmat vazifalarini noto‘g‘ri bajarishi, vakolatidan chetga chiqishi, mas’uliyatsizligi, byurokratiyaga asoslanish, qog‘ozbozlik, majlisbozlik kabi zamondan orqada qolgan boshqaruv prinsiplari qonun ustuvorligini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan jihatlar hisoblanadi.

Prezident Sh.Mirziyoyev o‘z Murojaatnomasida “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash” degan g‘oyasni ilgari surdi. Bu g‘oya ijrosi davlat boshqaruvini to‘g‘ri tashkil etishni ta’minlaydi. Shuning barobarida u inson huquq va erkinliklarini amalda ta’minlash, odamlarda kelajakka ishonch hissini kuchaytirish, demokratik qadriyatlarni keng joriy etish, davlat va jamiyat boshqaruvida har bir kishining ishtirokini ta’minlash, muammolar yechimini ko‘rsatib beradigan qonun hujjatlarini qabul qilish, mamlakatimiz o‘z zimmasiga olgan xalqaro-huquqiy majburiyatlarini vijdonan bajarishi, mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada oshirishga, huquqiy davlatning poydevorini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Boboqul TOShEV,

yuridik fanlari doktori.