Qonuniy ajrashmasdan uylanish mumkinmi?

Bugun eng ko‘p bahslarga sabab bo‘layotgan mavzulardan biri - bu qonuniy ajrashmasdan turib, ikkinchi ayol bilan yashash masalasi. Bu masala, ayniqsa, erkaklar orasida tez-tez tilga olinmoqda. Kimdir buni din ruxsat bergan, deb hisoblaydi, yana kimdir qonun bunga yo‘l bermasligini aytadi. Oqibatda odamlar orasida turli xil qarashlar paydo bo‘lmoqda.

Fikrimcha, bu bahsli mavzuning tarqalishiga bir necha omillar sabab bo‘lyapti. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda aslida haqiqatdan yiroq bo‘lgan hayot tarzi targ‘ib etilmoqda. Chet davlatlardagi ayrim holatlarni ko‘rib, u yerda qanday qonunlar borligi, qanday mas’uliyat talab qilinishi haqida bilmasdan, ayrim yoshlarimiz ularga ergashmoqda.

Qolaversa, dinimizda ko‘p xotinlilik masalasi bor. Bunday ruxsat shunchaki emas, balki juda qat’iy shartlar bilan berilgan. Qur’oni karimning “Niso” surasi 3-oyatida ayollari o‘rtasida adolat qila olishiga ishonchi bo‘lmagan erkak bitta ayol bilan kifoyalanishi kerakligi aytiladi. Bu yerda rozilik masalasi, moddiy ta’minot, vaqtni teng taqsimlash va oilaviy mas’uliyat - bularning barchasi birdek bajarilishi shart. Shu shartlarning bittasi ham bajarilmasa, diniy nuqtai nazardan ham bunga ruxsat yo‘q. Chunki islom dini adolatni birinchi o‘ringa qo‘yadi.

Shu o‘rinda har yurtning o‘z qonuni borligini unutmaslik kerak. O‘zbekiston Respublikasida ko‘p xotinlik qat’iyan taqiqlangan. Bu nafaqat ma’naviy jihatdan qoralangan, balki qonun bilan ham himoyalangan. Hatto ko‘p xotinlikni targ‘ib qilish javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Jinoyat kodeksining 126-moddasida bu masala aniq belgilagan bo‘lib, unga ko‘ra, umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq ayol bilan er-xotin bo‘lib yashash jinoyat hisoblanadi. Buning uchun jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki hatto ozodlikdan mahrum qilish jazosi bor.

Xulosa qilib aytganda, ajralmasdan turib, ikkinchi ayol bilan yashash mumkin emas. Chet davlatlarda bo‘layotgan holatlarga qarab, u yerdagi qonun va mas’uliyatni hisobga olmasdan taqlid qilish noto‘g‘ri.

Muhammadali KOMILOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi.