Qo‘qon shahridagi bozorlarda soqol va hijob uchun kurash boshlangani haqidagi xabar rad etildi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahridagi bozorlarda soqol va hijob uchun kurash boshlanganligi haqida turli xabarlar tarqalmoqda. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday axborotlar asossiz va uydirmalardan iborat bo‘lib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb yozmoqda O‘zA.

O‘zAning aniqlashicha, “Qo‘qon savdo kompleksi” (xalq tilida Salang bozori)da hijob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning do‘konlari muhrlanayotgani yo‘q. Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida mutasaddi tashkilot xodimlari shahardagi bozorlarda o‘rganish ishlarini olib borishdi. Har bir do‘konda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar bilan birma bir suhbat o‘tkazildi.

"Shu narsa ma’lum bo‘ldiki, tadbirkorlarning faoliyatiga hech bir davlat tashkiloti yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari aralashmagan. Sotuvchilarning hijob va soqol bilan savdoga chiqmasligi haqida hech qanday ogohlantirish yoki birorta gap-so‘z bo‘lmagan. Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan ham birorta do‘kon muhrlanmagan, hijobli ayolning bosh manekeni, soqolli manikenlardan foydalanish taqiqlanganlik holati o‘z tasdig‘ini topmadi.

Manekenlar tadbirkorlarning o‘z mahsulotini reklama qilib sotishi uchun mo‘ljallangan shaxsiy mulkidir. Tadbirkorlar o‘z mulkidan qonunga zid bo‘lmagan har qanday maqsadda foydalanish huquqiga ega. Bozordagi savdogarlar o‘z mahsulotlarini emin-erkin sotib kelishmoqda. O‘rganishlar jarayonida do‘konlardagi savdogarlar har kungi faoliyatlarini davom ettirishmoqda", deyilgan bayonotda.