“Qora bozor”chining 3 ming dollari musodara qilinadigan bo‘ldi

Xorijiy valyutani noqonuniy almashtirganlik uchun javobgarlik belgilanganligi to‘g‘risida bir necha bor ta’kidlanib kelinayotgan bo‘lsa-da, ayrim fuqarolarning bunga amal qilmayotganligi achinarli holat, albatta.

Shoxboz (ismlar o‘zgartirilgan) bu qonunni bilsa-da, bunga parvo qilib o‘tirmadi. 2020 yil 29 sentyabr kuni Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Sozlab ol savdo majmuasida joylashgan oziq-ovqat savdo do‘konida 3.000 AQSh dollarini 10.350 so‘mdan baholab, jami 31.050.000 so‘mga Janabek B.ga sotgan vaqtida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Navoiy viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi. Undan 3.000 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.

Sud jazo tayinlashda javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar sifatida Shoxbozning aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, voyaga yetmagan farzandlari borligi, javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar yo‘qligi, jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini hisobga olib, unga nisbatan jarima jazosi tayinlashni lozim topdi.

Sud ashyoviy dalil masalasini muhokama qilib, sudlanuvchidan ashyoviy dalil tariqasida olingan, TIF “Milliy bank”ning Navoiy bo‘limiga vaqtincha saqlash uchun topshirilgan 3.000 AQSh dollari hukm qonuniy kuchga kirganidan so‘ng davlat foydasiga musodara qilanadigan bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tumani sudi raisi Farrux Qahorovning ma’lumot berishicha, Shoxbozga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 177-moddasi 2-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravari, ya’ni 13.380.000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.