Qorasuvdagi ariqdan oqqan qizg‘ish suv holati aniqlandi

Uni yuzaga keltirgan avtomobillarni yuvish shoxobchasi faoliyati to‘xtatildi

Kecha, 27 yanvar kuni telegram kanalimizda Samarqand shahrining Qorasuv massividagi ariqda qizil rangli chiqindi suvi oqayotganligi haqidagi xabar berilgan edi. Holat joyida o‘rganilgan va O‘zbekiston Ekologik partiyasi Samarqand viloyati tashkiloti tomonidan munosabat bildirildi.

Unda yozilishicha, holat O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi, O‘zbekiston Ekologik harakati Samarqand bo‘limi hamda davlat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari hamda Qorasuv massividagi 81-maktab ma’muriyati ishtirokida ko‘rib chiqilgan.
"O‘rganish davomida, Qorasuv mahallasi hududida fuqaro Sh.N. (FISh o‘zgartirildi) noqonuniy ravishda, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan avtomobillarni yuvish shoxobchasi qurib, faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi. Ariqqa tashlangan qizg‘ish rangdagi suv esa avtomobillarni yuvishda qo‘llaniladigan oq va qizil rangli, hidsiz pena kimyoviy vositasi suyuqligi ekanligi aniqlandi.
Yuqoridagi holat joyida bartaraf etildi va tegishli nazorat idoralari vakillari tomonidan xususiy tadbirkorga nisbatan chora ko‘rilib, avtomobillarni yuvish shoxobchasi faoliyati to‘xtatildi. Fuqaro tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirish va chiqindi suvning kanalizatsiya tarmog‘iga ulanishi yuzasidan ta’mirlash, tiklash ishlari boshlab yuborildi", deyiladi javob xatida.