Qorasuvga Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xizmatchilari ko‘chib keldi
Samarqand shahrining yangidan bunyod etilayotgan Qorasuv massivida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmalari xizmatchilari uchun qurilgan ikkita qo‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda Samarqand viloyati hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari E.Turdimov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik Sh.Shokirov davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2018 yilda qurilish-bunyodkorlik ishlari boshlangan bu maskanga ko‘chib kelayotgan xizmatchilarni yangi mahalla, yangi uy-joy bilan tabrikladi.
Milliy gvardiyaning 30 nafar, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 20 nafar xodimlariga yangi uylarning kalitlari tantanali topshirildi.
– Bir necha yildan buyon o‘z uyimiz bo‘lishini orzu qilardik, – deydi milliy gvardiya xizmatchisi F.Abduniyozov. – Mana bu yangi uy safdoshlarim qatori, bizning oila uchun ham juda katta sovg‘a bo‘ldi. Buning uchun Prezidentimizdan, viloyatimiz rahbarlaridan minnatdormiz. Endi oilamizdan ko‘nglimiz to‘q holda barcha e’tiborni Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligiga qaratib, zimmamizga yuklatilgan vazifalarni bajarishga astoydil harakat qilamiz.
Joriy yil 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurgan Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur massivda bo‘lib, bu yerda bunyod etilgan yangi uylardagi shart-sharoit bilan tanishgan hamda ko‘p qavatli uylar qurilishi ko‘lamini yanada kengaytirish zarurligini ta’kidlagan edi.