“Qoratepa-Samarqand” yo‘nalishida avtobus qatnovi qayta tiklanadi
17 iyul kuni telegram kanalimizda “Qoratepa-Samarqand” yo‘nalishida avtobus nega qatnamay qo‘ydi?” sarlavhali murojaat e’lon qilingan edi.
Viloyat transport boshqarmasining munosabatiga ko‘ra, haqiqatan ham 2023 yilning iyun oyiga qadar 445-raqamli “Siyob ABB-Omonqo‘ton qishlog‘i” shahar atrofi avtobus yo‘nalishida 1 ta transport vositasi Urgut tumani, Qoratepa va Omonqo‘ton mahallalarini Samarqand shahri bilan bog‘lagan.
Mazkur yo‘nalishda “Avtotrans Urgut” MChJga tegishli avtobuslar aholiga xizmat ko‘rsatib kelgan.
Viloyat transport boshqarmasi yo‘lovchilarning murojaatini ijobiy hal qilish hamda 445-raqamli “Siyob ABB-Omonqo‘ton qishlog‘i” shahar atrofi avtobus yo‘nalishida transport vositalarining qatnovini qayta tiklash maqsadida qatnovning to‘xtash sabablarini o‘rgandi.
Aniqlanishicha, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan yo‘lovchilarga transport xizmatini ko‘rsatish holatlari ko‘payganligi sababli avtobusdan foydalanuvchilar soni keskin kamayib ketgan.
“Avtotrans Urgut” MChJ rahbariyatining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyidan boshlab 445-raqamli “Siyob ABB-Omonqo‘ton qishlog‘i” shahar atrofi avtobus yo‘nalishida transport vositalarining qatnovi qayta tiklanadi. Viloyat transport boshqarmasi tomonidan mazkur yo‘nalishda avtobus qatnovini tiklash uchun zarur ishlar amalga oshirilmoqda.