Qorin “avtoritet” emas, balki kasallikdir

Ertalab ishga kelayotib, ko‘chada o‘z manzillari tomon shoshib ketayotgan odamlarga razm soldim. Shu har uch kishidan birining “dumaloq qorni” bor ekan. Hatto, o‘spirinlarning ham qappayib qolgan qorinchalari bilan yurishiga nima deysiz?

So‘nggi yillarda semizlik kasalligiga chalinganlar soni ortib borayotganini ko‘rish mumkin. Ayrimlar g‘ururlanib, hatto qorniga shappatlab urib, «avtoritet» deb qo‘yishadi. Xo‘sh, haqiqatan ham qorin “avtoritet”mi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda bir milliarddan ortiq odamda ortiqcha vazn bor. Shundan 380 millionga yaqini o‘smirlar va bolalardir.

Dunyoda har yili 3 millionga yaqin odam semizlik oqibatida vafot etadi. Ortiqcha vazn yurak, jigar, buyrak, bo‘g‘imlarga salbiy ta’sir qilishi oqibatida qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari, gipertoniya kabi kasalliklar kelib chiqadi. Koronavirus pandemiyasi davrida ham aynan ortiqcha vaznli kishilarda kasallik og‘irroq kechgani qayd etildi. Ayniqsa, kaloriyali taom va kamharakatlilik tufayli bolalikdan semizlikka chalinish holatlari ko‘payib bormoqda.

Prezidentning 2020 yil 30 oktyabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida «Sport targ‘ibotchisi» vazifasini joriy qilish va uning ish haqiga 20 foiz miqdorda ustama belgilash yo‘lga qo‘yilishi aytilgan. Shuningdek, aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi yaratilgan edi. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, «Workout» kabi sport turlarining ahamiyati katta.

Shahar va tumanlarda «Salomatlik yo‘laklari» qurildi. Biroq unda yuradiganlar soni kam.

Tabiiyki, kuni bilan kompyuter qarshisida o‘tirib ishlayotgan xodimlar, rahbarlar ortiqcha harakat qilmaydi. Bunday nosog‘lom turmush tarzi ko‘pchilik uchun odat.

Har bir tashkilot rahbari o‘z vazniga ahamiyat berib, piyoda va velosipedda yurishda o‘rnak bo‘lib, xodimlarini ham sport bilan shug‘ullanishga jalb qilishi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Avtomobilsiz kun» tashkil etilganligi haqida gaplar tarqalgandi. Bir qancha mutasaddi rahbarlar aholini piyoda va velosipedda yurishga undagandi. Ammo bu tashabbus ham uzoqqa bormadi.

Dilmurod To‘xtayev.