Qorong‘ida, “trafik” tugaganda orzu qilib bo‘lmaydi...
Telefoningizning oylik to‘lovi qancha? 50 mingmi yoki 100 ming? Bu qaysi kompaniya mijozi ekanligingizga ham bog‘liq. Chunki mamlakatimizning turli hududlarida internet tezligi har xil. Qayerda, qaysi kompaniya yaxshiroq ishlashini yoshlar biz, kattalardan ko‘ra yaxshiroq biladi.
Shuningdek, O‘zbekiston internet tezligi eng yomon davlatlar reytingida 4-o‘rinda va yurtimiz dunyoda internet narxi eng qimmat davlatlar orasida ham peshqadamlar safida ekanligi ham ko‘pchiligimizga ma’lum.
Odatda, tashkilotlarda asosiy ish kompyuterda bajariladi. Qolgan jarayonlar esa qo‘limizdagi jajji qurilma, telefonimizga bog‘liq. U bizning eng yaqin ko‘makchimiz, dastyorimizga aylanib ulgurdi.
Yaqinda ziyoli, ko‘pni ko‘rgan olim shu qurilma orqali ko‘p ishlarni bajarish mumkinligini ta’kidladi. Bu haqiqat. Internet zamonida yashayapmiz, uning tezligi ishimiz samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Topshiriq, vazifa yoki so‘ralgan ma’lumotni zudlik bilan tayyorlab, tezkorlik bilan jo‘natsak, ko‘ngil to‘q, vazifamizni uddalaydigan yaxshi xodimmiz. Aksi bo‘lsa, yomon...
Bugun jamiyatning barcha sohalari internet bilan chambarchas bog‘langan. Ilgari tashkilotlarda ma’lumot jo‘natish uchun faks apparati bo‘lardi. So‘ng elektron pochta, endi esa telegram. Himoyalangan elektron pochta - Ye-xat tizimi murakkabligi, qimmatligi va boshqa jihatlari uchun hamma ham birdek foydalana olmayotgani bois rossiyalik vunderkind Paveljonning (telegram asoschisi Pavel Durov) kashfiyotidan butun dunyo ahli qatori, biz ham beminnat foydalanyapmiz.
Yana boshqa maqsadlarimiz uchun “Feysbuk”, “Odno”, “Tvitter”, “Vatsap” va hokazolar xizmatimizga tayyor. Ishsiz qolmaymiz, zerikishga hojat yo‘q. Qo‘l telefonlarimiz ishimizning yarmini bajaradi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqda o‘qigandim – odam telefonini yo‘qotib qo‘ysa, talvasaga tushib qolar ekan. Buni olimlar o‘limoldi talvasasiga o‘xshatishdi.
Shu o‘rinda bir mulohaza, bular nima bilan ishlaydi? Albatta, elektr energiyasi bilan. Avtomashina yoqilg‘isiz yurmagani kabi elektrsiz telefon quruq matoh.
Samarqand shahrida, umuman, mamlakatimizda elektr energiyasi tanqisligi keyingi 2 oy mobaynida juda bilindi. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi har kuni iste’molchilardan uzr so‘raydi. Bu yil yurtimizda rosmana qish bo‘ldi. O‘tgan yili nomigagina qor yoqqandi. Qish sovuq kelgani boismi, hamma elektrdan foydalanishga o‘tdi. Zo‘riqish oqibatida hali u yer, hali bu yerda avariya holati, uzilishlar sodir bo‘lmoqda. Konditsionerlar, televizor ishlamaydi, bosim pastligi uchun kompyuter ham yonmaydi. Xullas, bu muammo hammamizning boshimizdan o‘tdi. Ana shunda elektrning bebaho ne’mat ekanligini tushundik (ayrimlarga bu hali ham yetib bormagan bo‘lishi mumkin). Hozirda qo‘shni Turkmanistondan valyuta evaziga sotib olinayotgan elektr energiyasini behuda isrof qilmaslikni ko‘ngilga tugib qo‘ydik. Xonadonimizdagi barcha yoritgichlarni tejamkor lampalarga almashtirishdan boshladik bu ishni.
O‘tgan yillar davomida malakatimizda ko‘p sohalarga xorijiy investitsiyalar jalb qilingan. Ammo energetika tizimi bundan mustasno ekan. Bu fakt odamni biroz o‘yga soladi, kishini. Demak, kelgusi yillarda ana shu jihatlarga e’tibor qaratilishi lozim.
Dunyo bilan bo‘ylashishni istasak, avvalo bizda yetarlicha elektr energiyasi bo‘lishi kerak. Qolaversa, Prezidentimiz 2020 yilni Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e’lon qildi. Avval iqtisod, keyin siyosat deganlaridek, yangiliklar dastlab iqtisodiyotimizga joriy etiladi. Raqamli texnologiyalarning asosi esa internet.
Qog‘ozbozlikdan qutulib, elektron ma’lumot tayyorlashga o‘tganimizga ancha bo‘ldi. Hatto endi “Mehnat daftarchasi” ham elektron shaklda yuritiladi. “Virtual qabulxona”lar ishlayapti. Kirish imtihonlaridan onlayn tarzida o‘tib, 7 ta oliygohga o‘qishga qabul qilingan talaba haqida ham bilamiz. Aqlli hisoblagichlar haqida eshitgansiz. Endi esa aqlli uylar ham bor. Bularning barchasi raqamli texnologiyalar mo‘’jizasi, aslida.
Ha, biz ham taraqqiyot sari ildam qadam qo‘yyapmiz. Raqamli texnologiyaning barcha sohalarga joriy etilishi turmush farovonligimizni oshirishga xizmat qiladi. Vaqtimizni, asablarimizni, ortiqcha harakatlarimizni, qolaversa, biroz bo‘lsa-da hamyonimizni ham tejaydi.
Ammo buning uchun bizga yetarlicha elektr energiyasi kerak. Elektr energiyasi esa insoniyatning buyuk kashfiyoti. Buyuk kashfiyotlarni ilm-ma’rifatsiz qo‘lga kiritib bo‘ladimi? Afsonada aytilganidek, “Ma’budlardan o‘g‘irlangan olov insoniyat taqdirini qanchalik o‘zgartirib yuborgan bo‘lsa, elektrning ta’sir doirasi bundan-da muhim”.
Shuning uchun elektr energiyasini isrof qilmang, “qorong‘i”da qolasiz.
Biz, jurnalistlar juda antiqamizda... Ba’zida qiziqishlarimiz me’yordan oshib ketadi. 24 kun mobaynida shu haqda gaplashib turdik, xuddi boshqa tashvishimiz yo‘qdek...
Yil qanday nomlanishi haqida bahs boylashdik. Birimiz yoshlarga e’tibor qaratilyapti, yil nomlanishi shunga bog‘liq bo‘ladi, dedik. Boshqamiz o‘qituvchilar, do‘xtirlarning obro‘sini ko‘tarish kerak, Prezidentimiz shunga urg‘u beryapti, dedi. Yana birimiz matbuotchilar yili, jurnalistlar to‘rtinchi xokimiyat bo‘ladi, dedik. Ammo ko‘rib turganingizdek, bahsda hech kim “g‘olib” bo‘lolmadi...
Aygancha, telefondan gap boshlagandim, cho‘zilib ketdi. Yana internet yaxshi ishlamayapti, trafigim tugagan shekilli, oy oxiri-da..!
Gulchehra BERDIYoROVA.