Qo‘rqoq va tobe olomon, oson aldangan xalqlar, hokimiyatga yaqinlashtirilmagan aqlli odamlar: Sharq Renessansi va uning inqirozi...
Matbuotimizda Renessans haqida ko‘p yozilmoqda. «Renessans» so‘zi lug‘aviy ma’noda fransuzcha renaitre –«qayta yuzaga kelmoq», «yangidan tug‘ilmoq» ma’nolarini anglatadi.
Renessansning asosiy alomatlari: tafakkurda va ilmu ijodda dogmatizm, jaholat va mutaassiblikni yorib o‘tib, insonni ulug‘lash, uning iste’dodi, aqliy, fikriy imkoniyatlarini yuzaga chiqarishdir.
Osiyo markazida joylashgan Movarounnahr, Xuroson va Eronda Renessansni keng tarqatgan Italiyaga qaraganda bir necha asr oldin (IX–XII-asr) ulkan madaniy ko‘tarilish yuz bergan, ilm-fan, falsafa, adabiyot rivojlangan. Bu davr dunyo ilm-fanida «Islomiy Renessans» (A. Mes) yoki “Sharq Renessansi» (N.I.Konrad) nomi bilan atalib kelinmoqda.
Nazarimizda, Markaziy Osiyoda muqaddas Qur’oni Karim kitobining to‘liq, mo‘’jizakor siru sinoatlarini anglashdan boshlangan fikriy Renessans Islom tamadduni nomi bilan rivojlanib, XVI asrgacha jahon ilm-fani va g‘oyalari markaziga aylandi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Islom bilan yaqindan oziqlangan Osiyo jamiyatlari o‘zlari ilgaridan ega bo‘lgan madaniy boyliklarni islomiy g‘oyalar bilan uyg‘unlashtirgan holda o‘zgacha bir yuksak madaniyatni yaratdilar. Xususan, diniy e’tiqod, yashash tarzi va qadriyatlari baland bo‘lgan Movarounnahr xalqlari IX-XII asrlarda birinchi Renessans davrini boshlab berdilar. «Ilm» so‘zi Qur’oni karimning 850 joyida turli ko‘rinishlarda kelgan, demakki, ilmiy ko‘tarilishning ildizida islom dini turardi. Shu bois, islomni qabul qilgan jamiyatlar avvalo, o‘qish-o‘rganish va ta’limga katta ahamiyat berish baravarida, ta’lim-tarbiya tuzilmalarini shakllantirishga ham dadil kirishgan edilar.
1004 yildan boshlab Gurganjda «Dorul hikma va maorif» («Majlisi ulamo») nomini olgan ilmiy muassasa to‘la shakllandi. Bu ilmiy muassasada xuddi Afinadagi «Platon», Bag‘doddagi «Bayt ul-hikmat» akademiyasi faoliyatiga o‘xshab ilmning barcha sohalarida tadqiqot va izlanishlar olib borilgan, juda ko‘p manbalar to‘plangan, tarjimonlik ishlari bajarilgan; hind, yunon, arab olimlarining ishlari o‘rganilgan.Ma’rifatparvar al-Ma’mun tashabbusi va faol harakati bilan Renesansning asosi bo‘lgan Ma’mun akademiyasi atigi o‘n uch yil (1004-1017) faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa-da, u XI asrda Markaziy Osiyo Renessans markaziga aylanishini ta’minlab berdi.
Shunday qilib, Movarounnahr mintaqasida dunyo tan olgan Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimiz o‘zlarining ilmiy-ijodiy kashfiyotlari bilan umumjahon taraqqiyoti va ilm-fan rivojiga beqiyos hissalarini qo‘shdilar.
XIII asr boshidagi mo‘g‘ul istilosi tufayli ilmiy jarayon bir muddat to‘xtab qoldi, ammo bu uzoqqa cho‘zilmadi. XIV asrning ikkinchi yarmida sohibqiron Amir Temurning tarix sahnasiga chiqishi bilan mintaqada yuksalish qaytadan boshlandi va Temuriylar davlatining qaror topishi bilan o‘lka yangidan madaniyat, ilm-fan, san’at va adabiyot markaziga aylandi.
Ilmning avloddan-avlodga yetkazilishi sababli ummat o‘zini adashishdan saqladi, milliy qadriyat va muqaddas qadamjolarini dushman bosqinidan himoya qilishga bel bog‘lab kelgan. Yevropa mamlakatlari o‘rta asr johiliyat botqog‘ida botib yotgan vaqtida musulmon madrasalari tabiiy fanlarni o‘rganish markazi bo‘lgan. Renessans davrida kuchli diniy bilimlar huquqshunoslikka, kalomdan falsafaga, adabiyotdan psixologiyaga, matematikadan astronomiyagacha bo‘lgan sohalarda buyuk asarlarni vujudga keltirishga zamin hozirlagan. Bu bilimlarning paydo bo‘lishiga ko‘maklashgan tashkiliy tuzilma madrasalar bo‘lib, ular o‘rta asrdagi islomiy madaniyat va ilm-fanning haqiqiy markazi, poydevori vazifasini o‘tagan.
Madrasalar uzoq vaqtgacha islomiy ilmlar bilan birga, tibbiyot, astronomiya, jamiyatshunoslik va iqtisodiyotni o‘rganish markazi mavqeini saqlab kelgan. Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodov 2020 yil fevral oyida O‘zA saytida e’lon qilingan “Samarqand universiteti qachon tashkil topgan?” maqolasida Turkiston hududidagi madrasalarning islom dunyosi va dunyo tamadduni taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga to‘xtalib, Samarqand dorilfununi Mirzo Ulug‘bek ma
drasasining bevosita davomi ekani haqidagi fikrlarini ilgari surdi. Haqiqatan ham, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Qo‘qon kabi shaharlaridagi madrasalar tizimi dunyoviy va diniy bilimlar, tibbiyot, astronomiya, aniq fanlar hamda huquq-falsafa yo‘nalishlaridagi ta’limda tengi yo‘q muassasaga aylangani haqiqat edi.
Mirzo Ulug‘bekning Samarqand madrasasi nafaqat ilm-fan markazi, balki o‘sha davr ulamolari uchun o‘ziga xos akademiya bo‘lgan, deyish mumkin. Bu qutlug‘ dargohda Turonu Erondan 200 dan ziyod olim faoliyat olib borgan. Samarqand madrasasi 1420 yilda qurib bitkazilgan. Ikki qavatli, burchaklaridagi to‘rtta darsxona ustida to‘rtta gumbaz va to‘rtta minora bo‘lgan. Madrasaning birinchi qavatida 25 ta, ikkinchi qavatida 25 ta hujra bo‘lib, har birida 2 nafardan talaba yashagan. Madrasa Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy va Ali Qushchi kabi yetuk olimlar rahnamoligida madaniyat, ilm-fan sohasida ikkinchi Renessans davriga shohid bo‘lgan.
Ulug‘bekning 1447 yilda vahshiylarcha qatl etilishidan so‘ng, Samarqand madrasalaridagi olimlar asta-sekin boshqa mintaqalarga tarqalib ketdilar. Shundan keyin ham yuz yillar davomida madrasalar Turk-islom ilmining rivoji yo‘lidagi xizmatini davom ettirdi.
Musulmonlar sivilizatsiyasi gullab-yashnagan davrlarda tolibi ilm, eng avvalo, Qur’oni karimni o‘rganar, ya’ni u o‘n yosh atrofida birdaniga ikkita ilmni o‘zlashtirar edi. Nozil bo‘lgan kunidan boshlab Oxirat kunigacha bu oxirgi Muqaddas kitob insoniyat uchun yagona yo‘riqnoma bo‘lib qoladi. Allohning kitobida»Holbuki, u (Qur’on barcha) olamlar uchun eslatmadir» («Qalam» surasi, 52- oyat), deb xabar qilinadi.
YaNA BIR MUHIM GAP...
Inson miyasi o‘z tabiatiga ko‘ra, moyillik xarakteriga ega va uning bir qismidagi yaxshi aloqalar atrofdagilarning vazifalariga bilvosita ta’sir etar ekan. Yoshligidan Qur’oni karimni o‘rgangan bola ko‘rish qobiliyatiga aloqasi bo‘ladi, til, mehnat xotirasi, yodda saqlash, eshitganlarini tahlil qilish, diqqatli bo‘lish, qobiliyatlarni o‘zlashtirish, rejalashtirish kabi vazifalarni miyasida mashq qildiradi. Bunday odam boshqa fanlarni o‘rganishga kirishsa, nima bo‘lishini endi tasavvur qilavering!
Masalan, imom Muhammad G‘azzoliy (1058-1112) yunon falsafasini ikki yil ichida, ilm olishdan bo‘sh vaqtlarida o‘rgangan. Musulmonlarning ilm-fanga qo‘shgan ulkan ulushi siri ta’lim tizimida eng muhim element bo‘lgan Qur’oni karim tufayli, degan xulosaga kelmoqda tahlilchi olimlar. Ushbu kuchli tizim o‘zgarganida esa, ular yetakchilikni boshqalarga boy berib qo‘yishdi.
XVIII asrning oxiri, XIX asr boshlarida, afsuski, madrasalardagi ta’lim sifati tushib keta boshladi, din va ilm-fanni shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanishni istagan kishilar ta’sirida diniy hukmlarni hamda dunyoviy ilmlarni xato tushunuvchi va tushuntiruvchi, bilim va san’atga e’tibor bermaydigan avlod paydo bo‘ldi.
QALBNI ANGLASh...
Bizga ma’lumki, XVII asrdan istilochilar dunyoni, jumladan, Sharq mamlakatlarini birma-bir bo‘ysundirgach, birinchi navbatda Qur’onning nufuzi, maqomi pasaytirildi. Ruhiyat ilmi, qalb fikrlari, komillik, donolik, to‘g‘rilik sari intilish ikkinchi darajaga tushib, Nafs texnologiyalari birinchi o‘ringa chiqarildi.
«Sening biring ikki bo‘lmaydi, ma’naviy boy bo‘lish kimga kerak: bolalaring ertaga och qoladi. Sen moddiy boy bo‘lgin, qalb tarbiyasini yig‘ishtir, moddiyunchilikka intil, yagona yo‘l shudir», degan g‘arbona g‘oyani singdirish jarayoni kuchaygandan kuchaydi. Shunda Qur’ondan asta-sekin chekinish boshlandi, chunki odamlar ochko‘zligi tufayli ozgina boy bo‘la boshladi. G‘arb g‘oyalari va texnologiyalari kuchli chiqdi! Sharq olami qalb va nafsning o‘zaro kurashida boshi yerga tegdi – yutqazdi. Shunda Sharqning tanazzuli chuqurlashdi.
Qur’on qalbni tarbiyalaydi, insonni kuchli, ilmli, iymonli bo‘lishga asta-sekin hozirlaydi. Qalb eng kuchli shunday qurilmaki, unga butun dunyoni sig‘dirish mumkin. Dunyo bunday rivojlanish cho‘qqisiga qay yo‘l bilan erishdi va qanday muammolar orasida tentirab yuribdi – buni faqat yurak sezadi, his qiladi va ohangini topib, o‘zi hal qilish chorasini topadi.
Ha, faqat o‘zi, boshqa hech kim emas. Axir, jamiyat ham, davlat ham shaxslarning umumlashmasi emasmi va unga suyanib ish ko‘rmaydimi? Biz ta’limda ham, jamiyat hayotida ham, davlatni boshqarishda ham ishni qalbga yo‘l topa bil
maganimiz, inson mo‘’jizakor kuch va imkoniyatga ega ekanini mensimasligimiz, nohaqlikka ko‘p yo‘l qo‘yganimiz sababli, yana gunohlarimiz oshgani hisobiga jamiyatda olg‘a siljish ro‘y bermayotir.
"Nafs texnologiyasi odam va davlatni o‘limga yetaklovchi kuchga qodirdir. Nafs domiga tushgandan keyin, kishi hech narsadan tap tortmaydi, harom-xarishdan hazar etmay, boshqalar hisobiga bo‘lsa ham yaxshi yashashni o‘ylaydi. Oqibatda u zolim, berahm riyokor bo‘lib qoladi", deb yozgan edi taniqli olim Najmiddin Komilov «Tasavvuf» (1999) nomli kitobida.
"Shuning uchun tasavvuf talab etgan tiyilish, qanoat, sabru faqirlik tariqida gap ko‘p. «Dunyoga bir marta kelasan, oladiganingni olib qol», – bu ilgaridan ma’lum falsafa. Kommunistlar buni: «Men insonman, demak menga hamma narsa ravo» deb o‘zgartiradilar, ammo maqsad o‘sha: ilojini topginda, yaxshi yasha, boshqalar bilan ishing bo‘lmasin.
«Hamma narsa ravo» falsafasi odamni iymonu e’tiqoddan ayirib, yulg‘ichlik va talon-torojga fatvo beradi, vahshiylik instinktini kuchaytiradi».
Endilikda, mustaqil davlat qurgandan keyin sun’iy yaratilgan qoliplarni sindirib tashlash, tasavvufga oid asarlarining qaymog‘ini, durlarini yig‘ib, maktab, institutlarning gumanitar fanlar predmetlariga bosqichma-bosqich kiritish, «Tasavvuf falsafasi»ni fan sifatida kiritish uchinchi Renessans asoslarini yaratishga xizmat qiladi.
AQLIY MEHNATGA O‘RGATISh...
Qadimdan xalqimiz o‘ta mehnatkash, irodali bo‘lgan, mehnat qilish shaxs shakllanishi asosiy omili deyilgan. Hayot sinovidan o‘tgan mazkur tamoyilni muomaladan chiqargan davlatlar iqtisodiyoti va jamiyat hayotida ko‘p narsani yo‘qotishdi. Ammo keyingi yillarda jamiyatda mehnat qilmasdan niyatga yetish, obro‘ olish, osongina mablag‘ topish illatlari vujudga kelishini kuzatmoqdamiz.
Yoshlarni aqliy mehnatga o‘rgatish, shu yo‘l orqali kamolga yetish tamoyili ustuvor bo‘lishi tarafdorimiz. Afsus, sho‘rolar hokimiyati aqlli va o‘rtacha odamning nufuzini tenglashtirdi, boy odamni qo‘llash, imkonidan foydalanishni emas, balki uni jisman yo‘q qilishni xohladi. Jamiyatda 70-90 yillarda yon-atrofimizda qo‘rqoq, tobe olomon shakllandi, hattoki ular davlatning qilg‘iliklaridan ko‘zini yumdi. Aqlli odamlar hokimiyatga yaqinlashtirilmadi. Natijada inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar qalashib ketaverdi.
Davlat hokimiyatining asosiy maqsadi – o‘z fuqarolarining mehnat qilishi, hayotini o‘nglab olishi uchun yetarli shart-sharoitni ta’minlab berishdan iborat. Aks holda, xalq boshqa yengil-yelpi, qing‘ir, yolg‘onchilik ko‘chasini tanlaydi, hatto harom luqma bilan farzandlarini boqish (davlatdan najot qolmasa, boshqa iloji qolmaydi,) yo‘liga rozi bo‘ladi. Eng yomoni, kelgusi zurriyodlari bo‘lgan bolalari shu luqma qayerdan kelayotganini ko‘ra bila turib yashashga majburdir. Islom ta’limoti qoidasi bo‘yicha bu zalolat, jaholatga teng hodisa.
XVI asrlardan Sharq noto‘g‘ri yashash yo‘lini tanladi. Bu nomaqbul yo‘l Islom olamini adashtirdi. Qaysi vosita bo‘lishidan qat’i nazar, pulingni ko‘paytir, odamlarning ichiga nifoq sol, foyda kelishini bilsang, yolg‘on so‘zla, lafzingni buz, deb o‘rgatdi G‘arb ta’limotlari.
Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq xalqlari oson aldandi, ammo Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlar Nafs texnologiyasini qabul qilmadi. Masalan, Kunchiqar yurt «Yapon ruhiyati va g‘arb texnologiyasi»nomli «vakon yosay» g‘oyasini qo‘lladi. Sobiq samuray va hukumat amaldori S. Sudzuki (1579–1655)ning dzen – buddaviylikka asoslangan etikasida «Mehnat – sabr-toqat, qanoatga teng, mohiyatiga ko‘ra, xudojo‘ylik darajasida, mehnat qilish – haqiqiy iymon-e’tiqodning yo‘li bo‘lishi kerak», degan g‘oyani olg‘a surgandi.
Bu ta’limot Bahouddin Naqshbandiyning doimo mehnat bilan band bo‘lish, M.Veberning protestantcha etika g‘oyalariga o‘xshaydi. Asosiy farq shuki, Veber va Sudzuki ta’limoti Yevropa va Yaponiya ijtimoiy hayotini yaxshilab, yuqori pog‘onaga ko‘tardi, o‘lkamizda Naqshbandiy ta’limoti esa bir chetga surib qo‘yildi?!
Sayyid Muhammad Bahouddin ibn Sayyid Jaloliddin Naqshband (1318-1389) ta’limoti o‘zining ixcham ifodasini «Dil ba yoru dast ba kor» hikmatida anglatgan. Ya’ni «Diling Allohda, qo‘ling ishda bo‘lsin». Bunday oltin qoida dunyoda bironta millatda yo‘q. O‘sha paytlar ta’limot soddaligi va qulay qabul qilinganligi tufayli butun mintaqadagi 30 ga yaqin Sharq mamlakatlariga tarqaldi.
Mavlono Yahub Charxiyning «Risolai unsiya», Abul Muhsin Muhammad Boqirning «Mahomoti Xoja Bahouddin Nahshband», Faxruddin Ali Safiyning «Rashahotu ayni-l-hayot» kabi risolalarida Xoja Bahouddinning hayoti, tariqati, ta’limoti, ta’siri va suluki haqida ma’lumotlar keltirilgan. Yor inoyatining ko‘magisiz maqsadga yetib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi Xoja Bahouddin va tasavvufiy tolibi ilmlarni shu yo‘lning qiyinchiliklariga qadamba-qadam hozirlaydi.
Aytar edilar: «Amti-l-aza ani-t-tariqi» («Aziyat beradigan narsalarni yo‘ldan yo‘qoting»)dan murod shuki, nafsingizni Haq yo‘lida yo‘qoting.
Sobiq ittifoq davrida odamlarda davlat hamma tashvishlarimni amallab qilib beradi, degan boqimandalik kayfiyati va ruhiyat psixologiyasi paydo bo‘lgandi. Boqimandalik psixologiyasi ajdodlar va bizning genlarimiz, qolaversa, boshqaruv madaniyatida, jamiyat hayotida hanuz yo‘qolmagan. Yangi Renessansga tayyorgarlik jarayonlarida (u 5, 10, 20 yilga cho‘zilishi mumkin) o‘zgarmas dasturlarni tuzish chog‘ida Naqshbandiyning oltin qoidalari asosida mukammal ta’limotni zamon bilan uyg‘unlashtirib, Mehnatga o‘rgatish zamonaviy usul va mexanizmlarini ishlab chiqishga zaruriyat kuchayib bormoqda. Nega? Jamiyatda gohida boqimandalik kayfiyati g‘olib kelmoqda. Inson o‘zini to‘la namoyon etishiga, mehnat insonni ulug‘lashi va boy-badavlat qilishi tamoyillarini singdirishda muammolarga duch kelmoqdamiz. Jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy sohalarida, ta’lim tizimida yoshlarning mehnatga munosabati salbiy tomonga o‘zgarib, yengil yo‘llar bilan pul topishga intilish vujudga kelmoqda. Ushbu ilg‘or g‘oyani, fikrni nega ilgari surmoqdamiz? Sababi shuki, u chetdan ta’lim texnologiyalari, usullarini, odam resurslarini talab qilmaydi, hukumat va davlatdan ortiqcha mablag‘ so‘ralmaydi. Muammoning yechimi insonning o‘ziga taqaladi, u bilan birga yechimini topadi!
Davlat va shaxs o‘rtasida konsensus, ahdlashuvga erishilsa, og‘ir tosh joyidan asta qo‘zg‘aladi. Buning uchun davlat hokimiyati fuqaroga ish joyini tayin etadi va unga yetarli shart-sharoit yaratadi, fuqaro esa halol mehnat qiladi, moddiy va nomoddiy mahsulot chiqarib, korxonasiga foyda keltiradi. Fikrimizga misol Xitoyda 1980-1985 yillarda boshlanib samara keltirgan Den Syaopin islohotlaridir. "Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik", degan xalqimiz maqolining mag‘zini chaqib ko‘raylik.
E’TIQODNI TARBIYaLASh...
Yurtimizda islom diniga e’tiqod qo‘ygan dindorlar miqdori, nufuzi, jamiyat hayotidagi o‘rni oshib borayotganligi tufayli mazkur texnologiyaga ehtiyoj o‘sib boradi. Din azaldan tartibni, halollikni yoqtiradi, demak, mamlakatimizda milliy taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida to‘siq bo‘lgan korrupsiyani jilovlash, temir intizomni o‘rnatish va adolatning tantana qilishida (sohibqiron Amir Temur bobomiz shu yo‘l orqali adolat bayrog‘ini ushlab, tarixga o‘zining nomini muhrladi) Islom tartib-qoidalari nihoyatda katta rol o‘ynaydi.
Bugungi yoshlarimizning ta’lim va tarbiyasi holatiga ob’yektiv baho berib, Naqshbandiyning mehnat etikasi ta’limotini jamiyat hayotiga, davlat va nodavlat tuzilmalariga joriy qilish mexanizmi mukammal ishlansa, biz ota-bobolarimiz boshlab bergan Renessans hodisasini munosib davom ettirish sharoitini qo‘lga kiritamiz! G‘arb texnologiyalariga ko‘r-ko‘rona ergashsak, vaziyat qo‘ldan chiqib ketadi. Biz yana begona ta’lim va tarbiyaga qaram bo‘lib, texnologiyalarga muhtoj, o‘zimiz o‘zbek, ammo qarashlarimiz g‘arbniki, tilimiz baynalmilal, yashash tarzimiz qorishmadan iborat jo‘n odamga aylanamiz.
Din – jamiyat va inson hayotida, shubhasiz, katta o‘rinni egallaydi. Din –e’tiqod, to‘g‘ri yashash yo‘lini ko‘rsatadi. Din – haq yo‘li demak. U – korrupsiyaga, aldash va aldanish, birovning molini o‘g‘irlash, maddohlik va muttahamgarchilikni yoqtirmaydi.
Sharqda Amir Temur saltanati boshlagan Ikkinchi Renessansdan keyin (15-16 asrlar) nega bayroqni qo‘ldan chiqardik? Tarixning guvohlik berishicha, Islom dini rivoji, fuqarolarning o‘zaro ahilligi, jamiyatdagi tinchlik va osoyishtalik, boriga qanoat qilishi, sabr-irodaliligi G‘arb olamiga yoqmasdi (bu masalada shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning 2019 yilda chop etilgan «Olam va odam, ilm va din» nomli kitobida o‘nlab dalillar keltiriladi–B.O.).
Shayxning yozishlaricha, XVI asrgacha Yevropada na maktab-madrasa, na tibbiyot, na boshqaruv, na iqtisodiyot tizimi yaxshi ishlagan. Sharq ancha oldinda bo‘lgan! Alamzada g‘arbliklar sharq odami psixologiyasini o‘zgartiradigan maxsus texnologiyani o‘ylab topish harakatiga tushdilar. Ko‘rganida inson ko‘zi quvonadigan texnika va texnologiyalarni ko‘paytirib (aslida bunga muhtojlik va zaruriyat ham unchalik katta bo‘lmagan), bozorini qalashtirib tashlashdi.
Arab. Fors tilida bitilgan nodir qo‘lyozmalarni bosqinchilik va ayg‘oqchilik yo‘llari bilan o‘g‘irlab ketishdi, ularni «nozik» joylarini o‘zgartirib, ilm-fan laboratoriyalarida qayta to‘ldirib, yana o‘zimizga qaytarib berishdi. XIX-XX asrlarga kelib, televizor, kompyuter (bular ichida eng foydalisi), mobil aloqani ishlab chiqarib «sovg‘a» qilishdi. Integral sxemalarda, matematik modellarda Muhammad al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, al-Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy kabi Sharq allomalari g‘oyalari asos bo‘lib xizmat qilardi...
Ammo endi Sharq odami fikrlashdan, rivojlanishdan to‘xtadi, uning uchun texnika o‘ylay boshladi. Misol uchun, birgina texnika –1990 yillarda estrada san’atimizga kiritilgan fonograma (og‘iz kuchaytirgich) asbobi ovozi yo‘q, ona tilini bilmagan havaskorlarni taniqli xonandaga aylantirdi va alal-oqibat, qo‘shiqchilik san’atida iste’dodli bilan iste’dodsizning farqi deyarli qolmadi.
E’tiqodni qadrlashni ilm, madaniyat, san’at, maktab va institut ahli, jamiki yoshlarga singdirsak, yangi Renessansni qurish manziliga shu qadar osonroq erishiladi. Negaki, din qalb bilan ishlaydi, qalbni tarbiyalaydi, u ta’limda ham, televideniyeda ham, davlat boshqaruvida ham, islohotlar jarayonida ham inson ruhini, qalbini uyg‘otadi va olovlantiradi. Qalbning prizmalari chertilsa, yoshlar ma’nan va ruhan yuksalsa, davlat islohotlari bardavom va samarali kechadi. Dunyo tajribasida ko‘rilganidek, fuqaro mehnat qilsa, vazifasini ado etsa-yu, rohatini ko‘rmasa, u qo‘lini siltab, davlatni aldashga o‘tadi.
Davlat siyosiy, iqtisodiy va ma’rifiy jabhada islohotni boshlar ekan, unda xalq bevosita bosh figura bo‘lib qoladi. Eski zamonlarda din, e’tiqod tamoyillari tag-zamini buzilgandan so‘ng, inson fikri zalolatga, botqoqlikka botdi.
Endilikda Yurtboshimiz tashabbusiga ko‘ra, ulkan ma’rifiy harakat –uchinchi Renessansga yo‘llar ochilmoqda. Bizningcha, uchinchi Renessans davrining bosh ijodkori, ijrochisi Inson ekanligidan kelib chiqib, rivojlanish omillarini G‘arb tamoyillaridan qidirib o‘tirmasdan, shaxsning faqat o‘zidan boshlashimiz kerak.
Sharq va G‘arb chorrahasida joylashgan mintaqamiz ko‘p asrlar davomida madaniyatlar, ilmiy g‘oyalar, tillar va dinlar muloqoti, o‘zaro ta’siriga katta turtki bergan. Biz avvalo, birinchi va ikkinchi Renessans ildizlariga qaytishni xayrli ish, deb bildik.
Inson qalbi, aqliy mehnati va e’tiqodini tarbiyalash – Renessansni ta’minlagan bosh omillariga suyangan tizimni yaratish birinchi galdagi vazifamizdir.
“Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim – o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang, dedi Yurtboshimiz 2020 yil 26 dekabrda O‘zbekiston Yoshlari forumida so‘zlagan nutqida. – Biz oila, maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’limni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni bo‘lg‘usi Renessansning eng muhim bo‘g‘inlari, deb hisoblaymiz. Shu sababli, ushbu sohalarda tub islohotlarni izchil amalga oshirmoqdamiz».
Haq gap, biz ilmli, irodali,chiniqqan, tarbiya ko‘rgan yoshlarni milliy taraqqiyot maqsadlariga safarbar eta bilsak,shubhasiz,kutilgan samaralarga erishamiz.
Baxtiyor OMONOV, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori, siyosiy fanlar doktori.