Qo‘shiq ham jangovarlikni oshiradi
“Katta bo‘lsam askar bo‘laman!”. Bu har bir yigitning bolaligidagi orzusi bo‘ladi. Men ham bolaligimda harbiy bo‘lishni niyat qilganman.
Bu harbiy xizmatchi Akram Rahmatullayevning gaplari.
- Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Yettitom qishlog‘ida tug‘ilganman, - deya gapida davom etadi u. - Bilasiz, Chiroqchida kurashchi polvonlar talay. Ularga havas qilib, esimni taniganimdanoq sport bilan shug‘ullanib kelaman. Shu bilan birga san’atga ham qiziqishim baland bo‘lgan.
Maktabni bitirib, Qarshi madaniyat va turizm kollejida folklor yo‘nalishida o‘qidim. 2021 yilda kollejni tamomlab, yigitlik burchimni Samarqand shahridagi harbiy qismda o‘tadim va shu yerda xizmatni davom ettirish imkoniyati tug‘ildi. Avvalo, portlovchi moddalarni zararsizlantirish otryadida faoliyat yuritdim. Xizmatim davomida mendagi san’atga bo‘lgan qiziqishimni, iste’dodimni payqagan komandirlar meni Samarqand gornizoni ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshida tashkil etilgan harbiy orkestr jamoasiga tavsiya qilishdi. Bir yildan beri xizmatimni shu jamoada davom ettiryapman.
10 ga yaqin estrada va milliy musiqa sozlari, shuningdek, do‘mbira, chanqovuz, loyhushtak, sopolnay kabi qadimiy cholg‘u asboblarini chalishni bilaman. Bundan 4 yil avval qiziqishim sababli do‘mbira sotib olgandim. Avval uni chertishni o‘rgandim, keyin termalar kuylashga harakat qildim. Ovozimni diktofonga yozib, eshitib ko‘rdim. Baxshilarnikiga o‘xshaganday bo‘ldi. Shu-shu, baxshichilik san’ati bilan ham shug‘ullanishni boshladim. Ozgina bo‘lsa-da, she’riyatga bo‘lgan qiziqishim bu yo‘lda menga qo‘l kelyapti.
Kishida iste’dod bo‘lsa, qaysi sohada faoliyat ko‘rsatishidan qat’iy nazar boshqa yo‘nalishlardagi qobiliyatini ko‘rsata bilsa, har qanday jamoada alohida o‘rni bo‘larkan. San’atga bo‘lgan qiziqishim va ozgina iste’dodim tufayli maktabda ham, kollejda ham, bugun harbiy xizmatda ham e’tibor va e’tirofga sazovor bo‘ldim.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan viloyatda o‘tkazilayotgan harbiy vatnparvarlik oyligi doirasidagi tadbirlarda orkestr jamoamiz bilan turli chiqishlar qilyapmiz. Bu jamoada men tarelka va baraban chalaman. Harbiycha shaxdam qadamlar bilan musiqa asboblarini chalib harakatlanishning zavqi boshqacha. Turli kuylar ijro etishimiz harbiylarga jangovar ruh bag‘ishlaydi va ularning madaniy xordiq chiqarishlari uchun xizmat qiladi.
Shuningdek, viloyatning turli mahallalarida, ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan madaniy tadbirlarda ham qatnashib, aholi, xususan, yoshlar davrasida chiqishlar qilyapmiz. Bu orqali yosh yigit-qizlarning harbiylikka bo‘lgan qiziqishi ortayotganiga guvoh bo‘lib, xursand bo‘lamiz.
Markazimizda harbiy ansambl ham tashkil etish rejalashtirilgan. Bu harbiy qismlarda xizmat qilayotgan biz kabi san’atsevar yoshlar uchun qulay imkoniyat. Shu bilan birga harbiy xizmatchilar va aholi uchun o‘tkaziladigan tadbirlarning yanada rang-barang bo‘lishiga xizmat qiladi.