Qo‘shrabotda maktablar soni yana bittaga ko‘paydi

Bugun o‘quvchilar, ayniqsa, birinchi sinfga qadam qo‘ygan jajji bolajonlar uchun hayajonli bo‘lgan “Bilimlar kuni” tadbirlari Qo‘shrabot tumanida ham ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi. Boshlangan yangi o‘quv yilida 2588 nafar qo‘shrabotlik bolajonlar ilk bor 1-sinfga qadam qo‘ydi. Ularning barchasiga 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” topshirildi.

Shu paytga qadar tumanda 88 ta maktab faoliyat yuritib, ushbu ta’lim muassasalarida 26 mingga yaqin o‘quvchi ta’lim-tarbiya olib kelardi. Ma’lumki, ayrim kollejlar faoliyati tugatilib, maktablarda 10-11 – sinflar qayta tashkil etildi. Natijada o‘quvchilarga sinfxonalar yetishmaslik muammosi paydo bo‘ldi. Mazkur muammoni bartaraf etish uchun maktablarda qo‘shimcha binolar qurilib, faoliyati to‘xtatilgan kollej binolari xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufiga o‘tkazildi.

-  Bugun “Bilimlar kuni” tadbirlari doirasida tumanning Qo‘shrabot mahallasida joylashgan sobiq Qo‘shrabot tuman iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji binosida yangi tashkil etilgan 89-maktab o‘z faoliyatini boshladi, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Doniyor Toshboyev. - Bino ta’mirlanib, yangi o‘quv yiliga maktab o‘quvchilari uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Mazkur maktab tashkil etilgach, 50 nafarga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu yerda 398 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi.

Bundan tashqari, mukammal ta’mirdan chiqarilgan 48-maktab, rekonstruksiya qilingan 41- va 32- maktab o‘quvchilari uchun ham yangi zamonaviy binolar qurilib foydalanishga topshirildi.

To‘lqin Siddiqov.