Qo‘shrabotdagi do‘kondan o‘g‘irlik sodir etgan yigitga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Fuqaro I.Q. bugungacha biror bir tayinli ishning boshini tutmagan, zamon zayli bilan aytganda tadbirkorlik, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish kabi ochiq imkoniyatlardan foydalanishni xayoliga ham keltirmaydigan, halol mehnat bilan rizq topish aqidasini ancha chetlab o‘tgan yigitlardan.

Qo‘shtirnoq ichidagi qahramonimiz 1996 yilda Ishtixon tumanida tug‘ilgan. U o‘g‘irlik, bezorilik kabi illatlar bilan o‘z qismatiga "muqaddam sudlangan shaxs" nomli tamg‘ani ham bosib ulgurgan. "O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas" deganlaridek, uni oson pul topish ilinji yana bir jinoyat tomon yetakladi.

I.Q. joriy yilning 8 yanvaridan 9 yanvariga o‘tar kechasi Qo‘shrabot tumani Qiyqim qishlog‘ida yashovchi K.E. ga tegishli savdo do‘konidan qiymati 10 million 500 ming so‘m bo‘lgan pullarni o‘g‘irladi.

Ammo qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi, degan gap bor.

Qo‘shrabot tumani hokimligi xabariga ko‘ra, 2021 yil 17 yanvar kuni I.Q. ga Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.