Qo‘shrabotlik ikki yigit mahalladoshining molini o‘g‘irlab, sotib yubordi

Kecha, 6 yanvar kuni Qo‘shrabot tumani IIBga tumanning Qo‘shrabot mahallasida yashovchi E.M. ariza bilan murojaat qilib, 2021 yil 5 yanvar kuniga o‘tar kechasi hovlisidagi og‘ilxonasidan bir bosh, bahosi 4 million so‘mlik qoramolini noma’lum shaxs o‘g‘irlab ketganligini ma’lum qilgan.

Qo‘shrabot tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari natijasida ushbu o‘g‘irlikni Qo‘shrabot mahallasi, Qizil olma qishlog‘ida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan M.O. va tumanning Pichot mahallasida yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan A.U. sodir etganligi aniqlandi. Ular o‘g‘irlagan bir bosh sigir Kattaqo‘rg‘on tumani Qorakulcha mahallasida yashovchi fuqaroga sotib yuborilgan. Tezkor-qidiruv davomida qoramol daliliy ashyo sifatida olingan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Qo‘shrabot tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.