Qo‘shrabotning jozibador toshlari dunyo bozoriga chiqmoqda
Garchi Qo‘shrabot tumani viloyat markazidan ancha olis bo‘lsa-da, tabiati va tabiiy boyliklari bilan dunyo ishbilarmonlarini o‘ziga qaratgan.
Shuning uchun xitoylik investorlar Xu Xian Shui va Lian Longjiye mamlakatimizda xorijlik investorlarga yaratilgan qulayliklardan foydalanib, Qo‘shrabotda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi, - deydi Qo‘shrabot tumani davlat xizmatlari markazi direktori Bobur Xudoyberdiyev. - Gap shundaki, yaqinda ular Qo‘shrabot tumani adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi orqali tosh qazib olish, kesish, unga ishlov berish va pardozlashga ixtisoslashgan “SI JIE STONE” hamda “BA DA STONE” MChJ xorijiy korxonalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Korxonalar ishga tushishi bilan mahalliy 60 nafardan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi.
Xitoy fuqarolari mamlakatimizga ulkan rejalar bilan kelgan. Xususan, ular O‘zbekistondagi bizneslariga 5 million dollar investitsiya kiritmoqda. Chunki kelgusida faoliyatlarini yanada kengaytirish, qo‘shimcha 70 dan ziyod xizmat turlarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Tog‘-kon sanoati bilan bog‘liq, veterinariya xizmatlari, qurilish mollari ishlab chiqarish, hudud sharoitidan kelib chiqib tuyachilik va tuyaqushchilikni rivojlantirish va boshqa sohalar shular jumlasidan.
Ma’lumot uchun: Tuman davlat xizmatlari markazi orqali joriy yilning 6 oyida 10 623 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, 294 yakka tartibdagi, 107 ta yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik sub’yektlari hamda 4 ta xorijiy korxonalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.