Qozog‘iston OAV Samarqand shahrida o‘tkaziladigan to‘qimachilik va moda sanoati olamidagi yirik qo‘shma tadbir haqida
Qozog‘istonning "Infozakon" elektron nashrida "O‘zbekistonda ilk bor to‘qimachilik va moda sanoati olamidagi eng yirik tadbir bo‘lib o‘tadi" sarlavhali maqola e’lon qilindi.
Shu yilning 8-10 sentyabr kunlari Samarqandda dunyodagi ikkita yirik to‘qimachilik assotsiatsiyasining birinchi qo‘shma konferensiyasi – "ITMF Annual Conference & IAF World Fashion Convention" o‘tkaziladi, deb ta’kidlangan nashrda.
Xabar qilinganidek, "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Innovatsiya, hamkorlik va tartibga solish – to‘qimachilik sanoati va tekstil sohasini harakatlantiruvchi kuchlar" deb nomlangan tadbirda 500 dan ortiq soha mutaxassislari, yirik xalqaro to‘qimachilik kompaniyalari, brendlar, moliya institutlari va chakana savdo vakillari ishtirok etadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
"ITMF kengashining 7 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishi konferensiyaga start beradi. 8-10 sentyabr kunlari rasmiy biznes dasturi doirasida konferensiya ishtirokchilari sanoatning eng dolzarb masalalari va muammolarini muhokama qiladilar. Konferensiya ma’ruzachilari sifatida Amerika kiyim-kechak va poyabzal sanoati assotsiatsiyasi prezidenti Stiven Lamar, Yevropa kiyim-kechak va to‘qimachilik konfederatsiyasi bosh direktori Dirk Vantigem, "Inditex" guruhining barqarorlik bo‘yicha direktori Feliks Poza Pena va Cotton Analytics, "Indorama Corporation" va boshqa kompaniyalar vakillari ishtirok etadilar", deyiladi maqolada.
Nashrda tadbir g‘oliblarning e’lon qilinishi hamda ITMF Awards va ITMF Start-up Award mukofotlarini taqdirlash bilan yakunlanishi ma’lum qilingan.
Maqola yakunida "Samarqandda bunday miqyosdagi tadbir o‘tkazilayotgani O‘zbekistonning global to‘qimachilik ta’minoti zanjiridagi tobora ortib borayotgan rolini tasdiqlaydi", – deya ta’kidlangan.