Qozog‘istonda politsiya yo‘lni to‘sib qo‘ygan bir guruh shaxslarni qo‘lga oldi
Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari Janao‘zen shahrida (Mang‘istau viloyati) yo‘lni to‘sib qo‘ygan bir guruh shaxslarni qo‘lga oldi. Bu haqda bugun hududiy IIB matbuot xizmati xabar tarqatgan.
"12 aprel kuni ertalab Janao‘zen shahrida bir guruh fuqarolar yo‘lni to‘sib, yo‘l harakatiga to‘sqinlik qilgan. Jamoat xavfsizligini ta’minlash va transport vositalarining to‘siqsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida ular politsiya tomonidan shahar ichki ishlar bo‘limiga profilaktik suhbat o‘tkazish uchun olib ketilgan”, deyiladi xabarda. Qonunga ko‘ra, transport vositalarining harakatlanishiga to‘siq yaratish jarima shaklida ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
“Janao‘zenda avvalroq yo‘lni to‘sib qo‘ygani uchun qo‘lga olingan 24 kishi bunday noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqidagi profilaktik suhbatdan so‘ng uylariga qo‘yib yuborildi”, — deb xabar qildi keyinroq politsiya matbuot xizmati.
Seshanba kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari xodimlari Ostonada ruxsat etilmagan miting uyushtirgani uchun deyarli bir sutka Energetika vazirligi binosi oldida turgan janao‘zenlik neft konlari xizmati kompaniyasining bir guruh sobiq xodimlarini qo‘lga olganligi aytilmoqda.
Gap shundaki, 10 aprel kuni kechqurun Ostonadagi Qozog‘iston Energetika vazirligi binosiga neft konlariga xizmat ko‘rsatuvchi "BerAli Mangistau" kompaniyasidan ishdan bo‘shatilgan janao‘zenlik bir necha o‘nlab ishchilar kelib, "KazMunayGaz" (KMG) shu’ba korxonasi - "OzenMenayGaz"ga ishga joylashishni talab qilishdi va ular muammoni hal qilgunga qadar binoda qolishga va’da berishdi. O‘sha kuni sakkiz o‘nga yaqin piket qatnashganligi xabar qilingan. Seshanba oqshomini ular Energetika vazirligida o‘tkazishdi, 11 aprel kuni esa ular qo‘lga olinib, politsiyaga olib ketilgan.
11 aprel oqshomida Qozog‘iston OAVlari xabar berishicha, Janao‘zenning markaziy maydoniga 2 mingga yaqin odam yig‘ilib, Ostonada hibsga olingan neftchilarni ozod qilishni talab qilgan.
12 aprel kuni ertalab Qozog‘iston Bosh prokuraturasi 120 dan ortiq odam qo‘lga olingani va ularning barchasi ogohlantirishdan so‘ng qo‘yib yuborilgani haqida xabar bergan. “KazMunayGaz” ularning qo‘yib yuborilishini tasdiqlagan va ularning hammasi poyezdda Janao‘zenga qaytib ketishganini qo‘shimcha qilgan.
“KazMunayGaz” avvalroq “BerAli Mangistau” kompaniyasi tenderda “OzenMunayGaz”ga yutqazgani, namoyishchilarga o‘rtacha 700 ming tenge maosh bilan boshqa kompaniyaga ishga joylashish taklif qilingani, biroq ular rad javobini berib, tender natijalarini bekor qilishni talab qilganini tushuntirgan edi.