Qozog‘istonda prezident saylovi: Ekzitpolga ko‘ra Toqayev mutlaq yetakchi
Kecha, 9 iyun kuni Qozog‘istonda prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Jamoatchilik fikrini o‘rganish instituti o‘z ekzitpolini e’lon qildi. Unda amaldagi vaqtinchalik prezident Qasim-Jo‘mart Toqayev saylovchilarning 70% dan oshiq ovozini olgan.
Uning ortidan "Islohot" ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jamoat tashkiloti prezidenti Amirjan Kosanov bormoqda. Unga saylovchilar 15.39 foiz ovoz bergan. Keyingi o‘rinda deputat Daniya Yespayeva bormoqda. Unga 5.32 foiz ovoz bergan.
"Yoshlar" tadqiqot markazi e’lon qilgan ekzitpolga ko‘ra Toqayev 69.94 foiz, Kosanov 14.96 foiz, Yespayeva 4.48 foiz ovoz olgan.
Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra ushbu saylovda saylovchilarning 77.4 foizi qatnashgan.
Ko‘pchilik mutaxassislar ham ushbu saylovda saylovchilarning 60-70 foiz qatnashishini taxmin qilgan edilar.
Ushbu saylovda umumiy 7 nafar nomzod qatnashdi. Ovoz berish natijalarining ekzitpoliga ko‘ra 1-o‘rinda borayotgan Toqayev mamlakatda eng taniqli va ommabop bo‘lgan "Nurotan" partiyasidan o‘z nomzodini qo‘ygan.
Saylovdan avval nomzodlarning ovoz olishlari haqida turli taxminlar bildirilgan va hatto saylovning ikkinchi bosqichi o‘tkazilishi ehtimoli haqida ko‘p gapirilgan edi. Amalda esa unday bo‘lmadi va ekzitpollarga ko‘ra Toqayev mutlaq birinchi o‘rinda ketmoqda va u boshqa nomzodlarni katta farq bilan ortda qoldirmoqda.